AQSh Prezidenti Donald Tramp BMT Bosh assambleyasida qilgan navbatdagi nutqida yana globalizmni rad etib, vatanparvarlik va milliy manfaatlarni ustun ko'rishini aytdi.
"Agar ozodlik istasangiz, mamlakatingizdan faxrlaning. Demokratiya istasangiz, suverenitetni mahkam ushlang. Tinchlik xohlasangiz, mamlakatingizni seving", - dedi AQSh rahbari.
Tramp nutqi davomida Eronni keskin tanqid qildi.
"Hech bir mas'uliyatli hukumat Eronning qonxo'rligini himoya qilmasligi kerak", - dedi u.
23-sentabr kuni e'lon qilingan qo'shma bayonotda Britaniya, Fransiya va Germaniya ham Saudiya Arabistonidagi neft inshootlariga qilingan hujumda Eronni aybdor deb topib, Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilgan AQSh pozitsiyasini qo'llab-quvvatladi.
Eron bu ayblovlarni inkor etadi. U AQSh sanksiyalarini aylanib o'tish maqsadida 2015-yilgi Eron yadro kelishuviga qo'shilgan Yevropa davlatlarini mustaqil yo'l tutishga chaqirdi.
AQSh rahbari BMT minbaridan qilgan murojaatida Vashington dunyoning hech bir davlati bilan ixtilofga kirishishni istamasligini, lekin Amerika manfaatlarini himoya qilishga doim tayyorligini bildirdi.
"AQSh men saylanganimdan beri buyuk armiyamizni qayta qurishga 2,5 trillion dollar sarfladi va u dunyoning eng qudratli mamlakati, - dedi Tramp dunyo yetakchilari davrasida. - U bu qudratini hech qachon ishga solmaydi, degan umiddaman".
Tramp Xitoyni ham tilga olib, uni erkin va adolatli savdo qoidalariga rioya qilmayotganlikda aybladi. Aynbi paytda u o'zaro murosaga erishilishidan umidvor ekanini aytdi.
"Amerika xalqi Xitoy bilan aloqalarimizdagi muvozanatni qayta tiklash ahdida qat'iy. Har ikki mamlakat uchun manfaatli kelishuvga erishamiz, deb umid qilaman. Lekin aytganimdek, Amerika xalqi uchun yomon bo'lgan bitimni qabul qilmayman", - dedi u.
O'tgan yili Bosh assambleyadagi chiqishida Tramp AQSh tarixidagi barcha ma'muriyatlardan ko'proq ish qilganini aytgan va bu kulgiga sabab bo'lgan edi.
Sobiq AQSh elchilari va yuqori darajali xavfsizlik rasmiylari o'rtasida o'tkazilgan so'rov Tramp davrida AQShning xalqaro voqealarga ta'siri kamayganini ko'rsatgan. Ayni paytda raqib davlatlarning nufuzi oshgani qayd etilgan.
Tramp BMT yig'ini doirasida bir qator dunyo yetakchilari bilan yuzma-yuz uchrashuvlar ham o'tkazmoqda.
Kecha BMT qoshida iqlim o'zgarishiga oid xalqaro anjuman o'tkazildi, ammo unda Donald Tramp qatnashmadi. Buning o'rniga u diniy erkinlikka bag'ishlangan tadbirda ishtirok etdi.
Facebook Forum