Sietl yaqinidagi so'lim Vidbi orolida keksa juftlik istiqomat qiladi. Ularning har ikkisi sobiq diplomat, 90-yillarda O'zbekistonda ishlagan. Ayni paytda O'zbekiston va Markaziy Osiyo hunarmandchilik buyumlari va antikvar mahsulotlari sotiladigan do'kon egasi. "Amerika Ovozi" yaqinda ularning do'konida bo'ldi.
Vidbi oroliga faqat kemada o'tish mumkin. Tabiati go'zal va so'lim bu maskanning sohilga yaqin markaziy ko'chalaridan birida "Ko'zlar uchun musiqa" nomli shinam do'kon joylashgan. Bu joyning o'ziga xosligi shundaki, unda O'zbekiston va Markaziy Osiyodan keltirilgan antikvar buyumlar, ko'hna gilamlar va taqinchoqlar sotiladi.
Do'konning o'z tarixi bor. Uni er-xotin Fred va Sharon Landallar ochgan. Aslida tadbirkor emasmiz, bir kun kelib do'kon ochish xayolimizda ham bo'lmagan, deydi do'kon egasi Fred.
“90-yillarda diplomat sifatida 10 yil Markaziy Osiyoda ishlaganman. Buning to’rt yili Toshkentda o’tgan. Turmush o’rtog’im ham diplomat. Sovet Ittifoqi 1985-yili Amsterdamda Markaziy Osiyo gazlamalari ko’rgazmasini o’tkazgan va uni “Ko’zlar uchun musiqa” deb atagan. Bu nom bizga yoqib qolgan. Bunaqa narsalarni real hayotda ko’rishimizni tasavvur ham qilmagan edik. Chunki sovuq urush davri edi. Oradan yillar o’tib biz Markaziy Osiyoga bordik va mana shu do’kondagi narsalarni o'sha payt yig’ishni boshlaganmiz”, - deydi u.
Sobiq diplomatlar O'zbekistondagi missiyasini yakunlashi bilan nafaqaga chiqadi. Ammo bu mamlakatga nisbatan ularda uyg'ongan muhabbat umrlarining keyingi yillarini ham Markaziy Osiyoga bag'ishlashga undaydi.
“Biznes bo’yicha bizda hech qanday tajriba yo’q edi. Markaziy Osiyoga do’stlarimizni ko’rish uchun borib turardik. Farzandlarim do’kon oching, daromadini shu safarlar uchun ishlating, deb aytishdi. Do’kon ochish fikri shundan keyin tug’ildi”, - deydi Fred Landal.
Do'stlari bu juftlikni Farhod va Shirin deb ataydi. Har ikkisi O'zbekiston elchixonasida ishlagan. Ularni nafaqat ish, balki O'zbekistonga hamda nodir hunarmandchilik buyumlariga bo'lgan qiziqish ham bog'lab turadi.
“O'zbekistondagi hayotimiz juda qiziq bo’lgan. Turli xil odamlarni ko’rdik, ko’plab joylarga sayohat qildik. U paytlar o’zgarishlar davri edi. Palov ham bizga juda manzur bo’lgan”, - deya xotirlaydi Sharon.
Juftlik nafaqa yillarini Sietl yaqinidagi so'lim Vidbi orolida o'tkazishga ahd qildi. Lekin dam olish yo'q, har kuni do'kon ishlari bilan band. Keksayganda shu biznes sizga kerakmi, deya so'raymiz Sharondan.
“Bizga foyda kerak emas. 78 yoshdaman. Bolalarim ulg’ayib yo'lini topib ketgan, yaxshi nafaqamiz bor. Topganimizni atrofimizdagi jamiyatning o’ziga qaytaramiz. Ular bizga beradi, biz ularga”, - deydi u.
Fred va Sharon Sietl-Toshkent birodar shaharlar uyushmasida ham faol. Har ikkisi boshqaruv kengashiga a'zo.
“Toshkentdagi elchixonada sietllik odamlarni ko’p uchratardik. Nega Sietldan ko’p kelishadi, deb so’rar edim. Keyin bilsam, Sietl-Toshkent birodar shaharlar uyushmasi bor ekan. Bu Sovet Ittifoqi va AQSh shaharlari o’rtasida tuzilgan birinchi do’stlik uyushmasi bo’lgan. Nafaqaga chiqqanimizdan keyin Sietl yaqinidagi shu orolga ko’chib keldik. Shundan beri Sietl-Toshkent uyushmasi ishlarida faol qatnashib turamiz”, - deydi Fred Landal.
O'zini O'zbekistonga bog'liq deb hisoblaydigan yana bir amerikalik faol - Sharlot Cheyz ham Fred do'koniga yaqin xonadonlardan birida istiqomat qiladi. Sietl-Toshkent birodar shaharlar uyushmasi a'zosi. U 50 yil oldin O'zbekistonga borgan.
“Butun umr dunyoni kezdim. 70-yillardaantropologiya bo’yicha tadqiqot qilish uchun Sharqiy Yevropaga borganman. Shu orqali Sovet Ittifoqiga kirganman. 1978-yil Toshkentga ham bordim. Yaponiyadan kema orqali Vladivostokka o’tdim. U yerdan Baykalga poyezdda bordim. Baykaldan Toshkentga samolyotda uchganman. Toshkentga 50 yil oldin birinchi marta borganimdayoq uni qattiq sevib qolgan edim”, - deydi Sharlot.
Landallar oilasi har yili ikki marta okean ortiga safar qiladi. Biznes bu safarlarni tashkil qilish uchun bir bahona; asosiy maqsad do'stlarni ko'rish, sayohat qilish, deydi Fred.
Ular bugun O'zbekistonda bo'layotgan o'zgarishlarga befarq emas.
“O’zbek xalqini hurmat qilaman. Ular bundan ham yaxshiroq hayotga munosib. Hozirgi o’zgarishlardan xursandman. O’zgarishlar ijobiy. O'zbekistonga yana qaytib borishni istayman”, - deydi Sharon.
Facebook Forum