Afg'onistonda kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida prezidentlik saylovi o'tdi. Rasmiylar ayni paytda ovozlarni sanash bilan band. Natija nomzodlar o'rtasida kelishmovchilikni keltirib chiqarib, mamlakat yanada beqarorlikka yuz tutishi mumkinligi haqida xavotirlar bor.
Saylovga juda kam odam chiqdi. Saylov uchastkalari va ovoz berish burchaklari bo'm-bo'sh. Poytaxt Kobulda ham, viloyatlarda ham ahvol shunday.
Norasmiy hisob-kitoblarga ko'ra, bu tarixdagi eng kam odam qatnashgan saylov bo'lishi mumkin.
Tolibonning tahdidlari, saylovchilarning nomzodlardan ko'ngli to'lmagani hamda ikki bor kechiktirilgan saylovning bu safar o'z vaqtida o'tishi borasidagi tushunmovchiliklar oqibatida saylovga odamlar kam chiqqani aytilmoqda.
Bundan tashqari, agar saylov natijasi nomzodlar tomonidan qabul qilinmasa, mamlakat yanada chuqurroq inqirozga yuz tutishi mumkin.
Prezidentlikka da'vogarlar orasida sobiq urush qo'mondoni Gulbiddin Hikmatyor ham bor. U hozirdan natijalarni shubha ostiga olmoqda.
"Bu saylovlar yanada zo'ravonlikni kuchaytiradi. Firibgarlikka aralashganlardan boshqa hech kim uning natijasini qabul qilmaydi. Tabiiyki, bu inqirozga yetaklaydi", - deydi Gulbiddin Hikmatyor.
Afg'onistonda ovozlarni sanash uzoq vaqt oladi. Qutilar kommunikatsiya aloqalari yaxshi yo'lga qo'yilmagan turli hududlardan bir joyga yig'ilishi kerak. Dastlabki natijalarni e'lon qilishga bir necha hafta vaqt ketadi. Shundan so'ng shikoyatlarni qabul qilish boshlanadi.
"Qonun aniq. Agar firibgarlik bo'lsa, nomzodlar va ularning tarafdorlari Saylov shikoyatlari komissiyasiga kelib, o'z shikoyatini qayd etishi mumkin. Komissiya ular haqida o'z qarorini beradi va biz bu qarorga rioya qilamiz", - deydi Saylov komissiyasi kotibi Habibur Rahmon Nang.
Firibgarliklarning oldini olish uchun barmoq izlari va saylovchilar suratini olish kabi choralar tatbiq etilgan. Shunga qaramay, qonun buzilishi hollari yuz bergani qayd etilmoqda.
Agar nomzodlar natijalarni tan olmasa, mamlakat yanada beqarorlikka yuz tutishi mumkin.
Saylov va xavfsizlik bo'yicha rasmiylar har qanday holat uchun tayyor ekanliklarini aytmoqda. Aholi esa jarayon silliq kechishidan umidvor. Ammo tarixga qaralsa, Afg'onistonda saylovlar hech qachon mojarolarsiz o'tmagan.
Facebook Forum