Breaking News

Bayonot: AQSh Turkiyaning Suriyaga kirishiga qarshi emas


Turkiya kuchlari shimoliy Suriyada, 2019-yil, 19-avgust
Turkiya kuchlari shimoliy Suriyada, 2019-yil, 19-avgust

Tramp ma'muriyati Turkiya kuchlari tez orada shimoliy Suriya hududida harbiy amaliyot boshlashini e'lon qildi. Bu haqda u Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an bilan telefon orqali bo'lib o'tgan suhbat ortidan ma'lum qildi.

"Qo'shma Shtatlar qurolli kuchlari bu amaliyotni qo'llab-quvvatlamaydi va unda ishtirok etmaydi. AQSh kuchlari IShID "xalifaligi"ni yakson qilgani bois amaliyot yaqinidagi hududlarda ham bo'lmaydi", - deyiladi Oq uy bayonotida.

Hududdagi kurdlarning Suriya Demokratik kuchlari AQSh askarlarining Turkiya chegarasini tark etganini tasdiqladi va AQShni kurdlarni himoya qilish va'dasini bajarmayotganlikda aybladi.

"Suriya Demokratik kuchlari sifatida biz o'z yerimizni har qanday badal evaziga bo'lsa ham himoya qilish ahdida qat'iymiz. Kurd, arab, ossuriy va suryoniy xalqlarini kuchlarimiz bilan birga turib, vatanlarini himoya qilishga chaqiramiz", - deyiladi guruh tarqatgan bayonotda.

Anqara kurdlarning YPG guruhiga mansub Suriya Demokratik kuchlarini Turkiyada taqiqlangan Kurdiston Ishchilar partiyasiga (PKK) aloqador deb biladi. Kurdiston Ishchilar partiyasi Turkiyada, xususan, AQShda terrorchi guruh sifatida tamg'alangan.

AQSh esa YPG va PKKni alohida tashkilotlar sifatida ko'rib, Suriyada IShIDga qarshi kurashda kurdlardan ittifoqchi sifatida foydalandi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'lining aytishicha, Turkiya ixtilof boshidan beri Suriyaning hududiy yaxlitligini qo'llab-quvvatlagan va shunday qilishda davom etadi.

"Mintaqani terrorchilardan tozalash orqali Turkiyaning yashab qolishini va xavfsizligini ta'minlashga ahd qilganmiz. Bu Suriyaga tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik keltirishga hissa qo'shadi", - deb yozdi u "Twitter"da.

Suriya Demokratik kuchlari so'zlovchisiga ko'ra, Turkiya askarlarining hududga kirishi butun mintaqada beqarorlikni kuchaytiradi.

"Biz Turkiyaning bu tahdidlarini juda jiddiy qabul qilamiz. Agar Turkiya kuchlari Suriyaning bu qismini bosib olsa, xalqimizga qarshi ommaviy qotilliklar ro'y berishidan xavotirdamiz", - dedi guruh so'zlovchisi Mustafo Bali.

IShID asirlari

Suriya Demokratik kuchlari nazoratidagi hibsxonalarda minglab jangarilar saqlanayotgani aytiladi. Ular orasida IShIDga qo'shilish uchun G'arbdan kelganlar ham bor.

Oq uyning aytishicha, Fransiya, Germaniya va boshqa Yevropa mamlakatlari o'z fuqarolarini qaytib olishni istamagan va AQSh ham ularni saqlab turmaydi.

"O'tgan ikki yil davomida qo'lga olingan barcha IShID jangarilari uchun bundan buyon Turkiya mas'ul bo'ladi", - deyiladi Oq uy bayonotida.

IShIDni yo'q qilish bo'yicha tuzilgan xalqaro koalitsiyadagi AQShning sobiq vakili Bret Makgurk Oq uy bayonotini qoraladi. Tramp shimoliy Suriyada erishilgan muvaffaqiyatlarni Rossiya, Eron va IShIDga "sovg'a" qilib topshiryapti, dedi u.

AQSh pozitsiyasi

AQSh rasmiylari avvalroq Suriyada Turkiya amalga oshiradigan har qanday amaliyot IShIDni mag'lub etish ishlariga xalaqit berishini aytgan edi.

Turkiyalik tahlilchi Aykan Erdemirning aytishicha, Anqara AQSh hukumati ichidagi kelishmovchiliklar va turli fikrlardan o'z manfaati yo'lida foydalanishga urinmoqda.

"Turkiya chegara osha bir tomonlama hujumlar uyushtirish tahdidlari bilan AQShdan Shimoliy Suriya bo'yicha ko'proq yon bosish olishga urinmoqda", - deydi u.

AQSh ayni paytda Suriyada 1000 tacha askarga ega. AQSh Prezidenti Donald Tramp mintaqadan barcha askarlar sekin-asta olib chiqilishini e'lon qilgan.

"Agar AQSh Turkiyaning hujumini to'xtatish uchun qaysidir talabini qondirsa, ko'p o'tmay yaqin kelajakda Anqara yangi talablar bilan yana shu tahdidini qilishi aniq", - deya qo'shimcha qiladi Erdemir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG