Breaking News

Nyuyorkstan: Bruklindan efirga chiqayotgan vatandoshlar


Nyu-Yorkning Bruklin tumanida yangi radio ochilib, unda markaziy osiyolik muhojirlar uchun mo'ljallangan loyiha boshlangan. Eshittirishni o'zbekistonlik rejissor Ulug'bek Hakimov va qozog'istonlik siyosiy qochqin, jurnalist Bekjan Idrisov olib boradi.

Nyuyorkstan - O'zbekiston va Qozog'iston jurnalistlari hamkorligidagi loyiha
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:32 0:00


Nyuyorkstan – bu o'zbekistonlik havaskor rejissor Ulug'bek Hakimov va qozog'istonlik qochqin, jurnalist Bekjan Idrisovning radio loyihasi. Har yakshanba ular Bruklinda ochilgan “Freedom Radio FM” to'lqinlarida Markaziy Osiyo respublikalaridagi yangiliklarni muhokama qilishadi.

“Hozirgina bizda Ulug'bek bilan birga shunday g'oya tug'ildi, “mamlakatlarimiz siyosatchilari o'z nutqlarida aslida nimani nazarda tutishgan”, degan rukn ochamiz. Shu o'rinda men Nazarboyevning gaplarini odam tushunadigan tilga o'girdim. Juda ham kulgili chiqdi. O'ylaymanki, juda ham foydali rukn bo'ladi. Hukumatdagilar xalqdan nimanidir yashirish uchun gapirganda ham ular aslida haqiqatni so'zlaydilar. Haqiqat esa xuddi piyoz po'stloq bilan qoplanganidek. Po'stidan tozalangach piyozning o'zi qoladi, o'ziga xos ta'mi va sasi bilan. Piyozning achchig'idan ko'zga yosh keladi, lekin kechirasizu piyozsiz palovni ham, beshbarmoqni ham pishirolmaysiz”, - deydi Nyuyorkstan eshittirishi boshlovchisi Bekjan Idrisov.

“Meni radioga ishga taklif qilishganida oldimga sharqiy mamlakatlar, O'rta Osiyoning besh respublikalari O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston,Tojikiston va Turkmanistonni birlashtiradigan, o'z ichiga qamraydigan dastur tayyorlashim kerakligini aytdilar. Loyihani tayyorlash jarayonida uning nomini ham topdik. Ston bu davlat deganini e'tiborga olib, dasturga “Nyuyorkstan” deb nom berdik. Dasturimizda ana shu besh mamlakatda bo'layotgan voqea va yangiliklarni muhokama qilib boramiz”, - deya tushuntiradi Ulug’bek Hakimov.

Eshittirish rus tilida efirga chiqyapti. Nyu-Yorkda Markaziy Osiyo xalqlari tilida chiqadigan to'laqonli mustaqil ommaviy axborot vositalari haligacha yo'q. Alohida maqola va eshittirishlar asosan rus tilida chiqadigan gazeta, radio va telekanallarda muntazam berib boriladi. “Nyuyorkstan” ham xuddi shu kabi yangi loyihalardan.

“104.7 FM radiosini barcha avtoulovda eshitsa bo'ladi. Eshittirishlarni Nyu-Yorkning Bruklin tumanida va unga yaqin joylar - Manxettenda, Nyu-Jersi, Kvinsning yaqin qismlarida tinglash mumkin”, - deydi Ulugbek Hakimov.

Nyu-Yorkda o'zbekistonliklar jamiyati a'zolari tomonidan turli yillarda o'zbek tilida gazeta, jurnal, televideniye hamda radio ochilgan, ammo ular uzog'i bilan bir, bir yarim yil faoliyat ko'rsatgan. Keyinroq yopilgan yoki onlayn formatga ko'chgan. Buning boisini o'z tashabbusi bilan uch tilda chiqarilgan “Golos Vostoka” jurnali va radiosi muassisi Ashraf Zakirov shunday tushuntiradi:

“2005-yildan 2017-yilgacha immigratsiya kuchayib, xalqimizning ko'pi bu yerga keldi. Shu sababli xalqimiz boshqa davlatning xalqlariga o'z davlatini, o'z tarixini, madaniyati, milliy oshxonasini to'g'ri tushuntira bilishi uchun mana shu jurnalni o'zimizning xalq uchun tashkil qildik. Bir yil davomida jurnalni chiqardik, ko'rdim hammasini. Xulosam shunday bo'ldiki, bizning xalqimiz bunaqa tashabbuslarga tayyor emas ekan. Bepul bo'lgani uchunmi, o'quvchilar ko'p bo'ldi. Jurnalni Braytonda ham, jami 136 ta joyda tarqatdik. Xalqimiz o'qidi, yoqdi, lekin masala moliyaga borib taqalganda jurnalni har oy chiqarish menga qiyin bo'ldi”, - deydi Ashraf Zakirov.

“Jamiyat ichida birlik va inoqlik vujudga kelib, o'rtadagi mantiqsiz raqobat yo'qolsagina bu kabi loyihalar bardavom faoliyat ko'rsatadi”, - deya qo'shadi u.

O'zbekistonlik immigrantlar qaysi gazetani o'qishadi?

“To'g'risi, gazeta o'qimayman. Faqat ishga boraman, uyga kelaman. Gazeta mutolaa qilishga vaqtim yo'q, bolaga qarayman”, - deydi o'zbekistonlik Qodir Doniyorov.

Suhbatdoshimizga ko'ra, ular uchun “YouTube” va boshqa ijtimoiy tarmoqlar yangiliklar manbaiga aylangan.

“Yangiliklarni “Oazis” degan magazin bor ekan, shu yerdan onda-sonda gazetalar olib o'qiganda bilamiz. Keyin Telegramda “Vatandosh” degan guruh bor. Yordam yoki xizmatlar kerak bo'lsa, shu guruh orqali o'zimizning vatandoshlar o'zaro muloqotga chiqamiz. Qolganini “YouTube” orqali ko'ramiz. Hozir hamma narsa radio ham, televideniye ham telefonda ko'riladi-ku”, - deya tushuntiradi Doniyor.

Telegramdagi “Vatandoshim_USA”, “Yurtdoshim_USA” va shu kabi guruhlar ko'proq e'lonlar va oldi-sotdi hamda ishga takliflarga asoslangan. Rus tilida chiqadigan nashrlardagi sahifa va dasturlar esa hozircha o'z yurtidan hijrat qilgan qalam sohiblari va ziyolilar uchun bir minbar, asosiy ishidan ortganda boradigan “choyxona” yoki klub o'rnini bosmoqda.

“Bu yerda qolgan har bir kishi uchun muhim masala - erkinlik. “Freedom FM” erkinlikni dastaklaydi. Bu yerda o'ylaganingizni gapirishga haqlisiz. Sizning fikringizni eshitadilar. Kimdir unga qo'shilmas, lekin eshitadi. Muhimi ham shu. Menga bu yerda ishlash yoqadi, chunki men bu yerda o'z Qozog'istonimda aytolmaganlarimni erkin gapira olaman”, - deydi Bekjan Idrisov.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG