AQSh prezidentligi uchun demokrat nomzodlar qatoriga yana bir da’vogar qo’shildi. Nyu-York sobiq meri Maykl Blumberg 24-noyabr kuni o’z nomzodini e’lon qildi. 77 yoshli milliarder saylov kampaniyasi uchun o’z hisobidan millionlab dollar sarflamoqchi. Ammo bir paytlar respublikachi bo’lgan Blumberg shaxsiga shubha bilan qarovchilar yo’q emas.
Maykl Blumberg o’rtahol amerikaliklarga yordam berishni va Amerika iqtisodiyotiga adolatni qaytarishni va’da qilmoqda.
Demokratlar boylar va o’rta qatlam o’rtasida jarlik kengayib borayotganidan noliyotgan bir paytda poygaga milliarder qo’shildi. Blumberg o’z muvaffaqiyatini ko’z-ko’z qilib, saylovchilar ko’ngliga yo’l topmoqchi. U media va texnologiya sohasida ulkan biznes yaratgan, Nyu-York shahrini 11-sentabr xurujidan so’ng oyoqqa turg’izgan.
“Maykl Blumberg davrida quyi Manxetten falokat zonasi edi. U shaharni sezilarli darajada qayta qura oldi, buni turg’unlik davrida qildi”, - deydi Brukings instituti tadqiqotchisi Jon Xudak.
Blumberg merligi davrida Nyu-York politsiyachilarga istalgan odamni to’xtatib, so’roqqa tutish huquqi berildi. Bundan esa ko’proq afro-amerikaliklar aziyat chekdi. Blumberg yaqinda bu siyosat uchun uzr so’rab, uning ozchilik guruhlarga qanday ta’sir qilishini bilmaganini aytdi. Qora tanli saylovchilar demokratlar uchun muhim hisoblanadi.
Dunyoning to’qqizinchi eng boy odami reklama uchun millionlab dollar sarflamoqda.
“Prezidentligini e’lon qilishi bilan bir necha kun ichida 37 million dollar sarflagan nomzod hali bo’lmagan. Bu faqat boshlanishi”, - deydi tahlilchi Larri Sabato.
So’rovlarga ko’ra, Blumberg 3 foiz demokratlarning qo’llab-quvvatloviga ega. Hozircha yaqqol peshqadam yo’q ekan, u o’z boyligi orqali ko’proq tarafdor yig’ishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.
“Elchilik yoki biznes manfaatlariga xizmat qiluvchi qonun xohlaydiganlardan yuzlab million yig’gandan ko’ra, nomzod o’z pulini sarflagani yaxshi”, - deydi Sabato.
Milliarder uchun boylar emas, qashshoqlar huquqlarini himoya qiluvchi demokrat raqiblar orasida turish oson emas.
“Boylar bizdan ko’ra ko’proq poyafzal, mashina va uylarga ega bo’lishi mumkin, lekin demokratiyaning ko’proq qismiga egalik qila olmaydi”, - deydi demokrat nomzod Elizabet Uorren.
Blumberg o’zini boyligi va markazchi siyosiy qarashlari bilan Trampni yenga oladigan yagona nomzod ekanini aytadi. Saylovchilarchi?
Xudakka ko’ra, mashhurlikni sotib olish oson emas.
“Prezident Donald Tramp saylovchilar bilan shaxsiy darajada bog’lana oldi. Maykl Blumbergda bunday siyosiy joziba borligi aniq emas”, - deydi u.
Blumberg fevralda boshlanadigan ilk partiya saylovlarida qatnasha olmaydi. 14 shtat ovoz beradigan 3-mart kungi “Super seshanba” esa unga ilk sinov bo’ladi.
Facebook Forum