AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi AQSh-Meksika-Kanada savdo bitimi bo’yicha Tramp ma’muriyati va demokratlar o’zaro kelishuvga erishganini e’lon qildi.
“Shubhasiz, bu kelishuv NAFTAga qaraganda yaxshiroq. Bizning ishimiz tufayli hozirgi ko’rinishi Tramp ma’muriyati taklif qilgandan ko’ra ancha yaxshi”, - dedi Pelosi.
Uning aytishicha, bunga erishishda Massachusetsdan demokrat qonunchi Richard Nil jonbozlik ko’rsatgan.
“Bu yangilangan kelishuv. Kelajak bitimlar uchun u namuna bo’lishi kerak. Doimiy e’tibor bergan narsamiz - uning ijrosi, ijrosi va yana ijrosi”, - dedi qonunchi Nil.
Bu bilan u ishchilarni himoya qilishga qaratilgan bandlar ijrosini nazarda tutmoqda. Kelishuvni u kasaba uyushmalari uchun g’alaba deb atadi.
“Ish sharoitlari yaxshilanadi, atrof-muhit qoidalari mustahkamlanadi. Atrof-muhitga oid savdoni tasdiqdan o’tkazish mexanizmlari kuchaytiriladi”, - dedi Nil.
Ekspert Isak Koenning aytishicha, Meksikada maoshlar pastligi tufayli Amerikada ish o’rinlarining boy berilgani NAFTAga nisbatan yangragan asosiy tanqid edi.
“Meksikada AQShga nisbatan maoshlar kam bo’lgani uchun doim kasaba uyushmalarida xavotir bor edi. Yangi talablarga ko’ra, Meksikada yig’ilgan mahsulot uchun bundan buyon soatiga kamida 16 dollar haq to’langan zavodlarda ishlab chiqarilgan qismlar ishlatilishi kerak”, - deydi u.
Demokratlar savdo bitimiga oid kelishuv haqida Prezident Trampga qarshi impichment ayblovi e’lon qilinayotgan bir paytda ma’lum qildi. Respublikachilar Pelosini sustkashlikda aybladi.
“Spiker savdo bitimi masalasini impichmentni e’lon qilishi bilan o’rtaga chiqardi. Uni bir yildan ortiq ushlab o’tirdi va natijada Xitoy bilan muzokaralarda AQShni zaif qilib ko’rsatdi. Bizning birinchi va ikkinchi raqamli savdo hamkorlarimiz – Meksika va Kanada kelishuvimiz ichida asirdek ushlab turildi”, - dedi Vakillar palatasidagi respublikachilar sardori Kevin Makkarti.
Uch mamlakat rasmiylari 10-dekabr kuni Meksikada uchrashib, yangi bitimni muhokama qildi. Kelishuv AQSh Kongressi tasdig’idan o’tgandan so’ng kuchga kiradi.
Facebook Forum