Breaking News

Afg'onistonda Tolibon hujumlari kuchaymoqda


Afg'onistondagi AQSh askarlari
Afg'onistondagi AQSh askarlari

Rasmiylarning aytishicha, Tolibonning Balx viloyatidagi harbiy bazaga uyushtirgan hujumida kamida yetti askar halok bo'lgan, olti kishi yaralangan.

Mudofaa vazirligi ma'lumotiga ko'ra, Davlat Obod tumanidagi harbiy bazaga hujum kechasi uyushtirilgan. Baza armiya va milliy xavfsizlik agentligi tomonidan birga boshqarilgan.

Tuman rahbari Muhammad Yusuf esa qurbonlar soni yanada ko'proq, 15 kishi ekanini bildirdi.

Bu orada Tolibon xuruj uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga olib, 20 askarni o'ldirganini, yana uch kishini asir olib, bazadagi harbiy qurol-aslahani qo'lga kiritganini da'vo qildi.

Bundan tashqari, Tolibon isyonchilari Kapisa viloyatida politsiyachilar mashinasiga hujum qilib, tuman politsiyasi rahbari va uning qo'riqchisini ham o'ldirgan.

Shuningdek, 23-dekabr kuni Qunduz viloyatida AQSh va afg'on askarlari yo'lda Tolibon o'rnatgan bobmaga yo'liqib, bir amerikalik va yana bir mahalliy askar halok bo'lgan edi. Afg'onistonda shu yil halok bo'lgan amerikaliklar soni kamida 19 taga yetdi.

Afg'onistonning taxminan yarmi Tolibon nazorati ostida ekani aytiladi va rasmiy Kobulga tegishli hududlarda isyonchi guruh tez-tez xurujlar amalga oshirib turadi. Rasmiylarga ko'ra, 2014-yildan beri guruh amalga oshirgan hujumlarda 50 ming afg'on askari halok bo'lgan.

AQSh 18 yillik urushga barham berish uchun so'nggi oylarda Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini olib bormoqda. Guruh hujumlarni to'xtatishdan va afg'onlararo tinchlik muloqotida qatnashishdan oldin xorijiy kuchlarning mamlakatdan chiqishini talab qilmoqda.

Bir yildan beri davom etayotgan muzokaralar silliq kechmayapti. Sentabr oyida to'xtab qolgan muloqot shu oy boshiga kelib qayta boshlangan. Ammo AQSh harbiy bazasiga uyushtirilgan so'nggi hujum ortidan tomonlar o'rtasida yana aloqa uzilgan.

Bagram havo bazasida yuz bergan xurujda amerikaliklarga shikast yetmagan, ammo ikki afg'onistonlik askar halok bo'lgan.

Afg'oniston urushida shu paytgacha 150 mingdan ortiq odam nobud bo'lgan. O'ldirilgan amerikaliklar soni esa 2300 dan oshadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG