Kentukki janubi-g’arbida, Tennessi shtati bilan chegarada AQShning Fort-Kembel harbiy bazasi joylashgan. U dunyodagi eng yirik harbiy inshootlardan biri hisoblanadi. Shaharcha aholisi bazadagi o’zgarishlarni o’z shaxsiy hayotida his qilib yashaydi. Ular so'nggi kunlarda Eron bilan yuz bergan harbiy ziddiyatdan xavotirda.
Keng dalalar va shtatlararo trassalar orasida joylashgan Fort-Kembel harbiy shaharchasida mashhur 101-havo diviziyasi joylashgan. Mahalliy aholi tirikchiligi ham harbiylar bilan bog’liq. Ronni Vord Fort-Kembel yaqinida sartaroshxona ochgan.
“Mijozlarimizning 80-85 foizi harbiylar. Oddiy askardan tortib generalgacha hammasining sochini olamiz”, - deydi u.
Vord mijozlarini o’z oila a’zosidek ko’radi.
“Ular hayotining bir qismiga aylanasiz. Qaysi biri garaj qurayotganini, kim farzand kutayotganini, kim yangi mashina olganini bilasiz”, - deydi u.
Shon Eybeye Fort-Kembelda og’ir texnikani boshqaradi. Uning aytishicha, askarlar har doim ko’chishga tayyor.
“Bu yerga kelganimdan beri oxirgi yillarda faqat tayyorgarlikdan o’tyapmiz. Xizmatga har doim shay bo’lish uchun. Ketishimiz kerak bo’lsa, ketamiz”, - deydi harbiy xizmatchi.
Eybeyega ko’ra, harbiy oilalar uchun ko’chish oson emas.
“Yosh qizim bor. Nima bo’layotganini tushunmaydi. “Dadam ketyapti”, deyishdan boshqa narsani bilmaydi. Rafiqam ham shu savollarni so’raydi: nima bo’lyapti, ketyapsizmi, deb. Bilmayman. Aytadiganim shu: men bilgan kunim ular ham biladi”, - deydi harbiy.
Sartaroshxonadan bir necha chaqirim narida yashovchi ikki farzandning onasi harbiy harakatlar ular hayotiga qanday ta’sir ko’rsatishidan xavotirda.
“Farzandlarim bu ishlarning qamrovini tushunmaydi. Ularga ketgan odamlar qaytib kelmasligi mumkinligini aytaman. Siz bilgan ko’plab odamlar ortga qaytmasligi mumkin. 3000 odamning barchasida shunday bo’lishi ehtimoli bor”, - deydi Tiffani ismli ayol.
Veteranlar urush nima ekanini yaxshi biladi. AQSh havo kuchlarida xizmat qilgan Ted Vudning aytishicha, sobiq harbiylar urushdan charchagan.
“Bu yerdagi odamlarning fikri shuki, dunyoga politsiyachilik qilish bizning ishimiz bo’lmasligi kerak. Buni qoplaydigan ortiqcha solig’imiz yo’q. Ko’pchilik, ayniqsa, keksalar urushdan zada bo’lgan”, - deydi u.
Vyetnamda xizmat qilgan Jon Breym bu fikrga qo’shiladi va hammaga baxt tilaydi.
“Butun dunyo baxtli bo’lishini xohlayman. Baxtli bo’lishning nimasi yomon? Yer yuzida bor-yo’g’i 80 yilcha yashasak o’zi. Yashashga qo’yish kerak”, - deydi u.
Facebook Forum