Xitoyning Uxan shahrida tarqalgan koronavirus dunyoning 20 ga yaqin mamlakatiga yoyildi. Bu kabi favqulodda holatlar paytida Xitoy to’g’ri axborot berish bo’yicha har doim ham ishonchli hamkor bo’lmagan. Chunki barcha kommunikatsiya kanallari avtoritar rejim nazoratida. Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti rahbari bilan uchrashgan Xitoy Prezidenti Si Zinpinning aytishicha, hukumat virusga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyat bilan birga ishlashga tayyor. Vashington esa Pekindan mamlakatga ko’proq xalqaro mutaxassislarni kiritishni so’ramoqda.
Koronavirusning yangi turi Xitoyda ilk bor o’tgan yil dekabrda aniqlangan edi.
Shundan beri uning qanday tarqalishi va kop’roq kimlarga yuqishi haqida ma’lumot yig’ishga bir necha hafta ketdi.
Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi sobiq rahbari Tom Fridenning aytishicha, virus haqida hanuz ma’lumot oz.
“Hozircha ma’lum narsa shuki, u odamdan odamga yuqadi. Ammo yuqishi uchun qanchalik odam yaqin bo’lishi kerak, shuni bilish muhim. Qanchalik halokatli ekani bo’yicha uning pnevmoniyaga sabab bo’lishi va bu o’limgacha olib borishini bilamiz. Ammo simptomlarsiz yurgan yana ko’plab odamlar bo’lishi ham mumkin, shu narsa aniq emas. Demak, bilmaydigan narsalarimiz ko’p”, - deydi u.
17 yil avval SARS virusi tarqaganda Xitoyning yetarli ma’lumot bermagani tanqidlarga sabab bo’lgan edi.
Jahon Sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, bu safar vaziyat ancha yaxshi. Xitoy virus haqidagi ma’lumotlarni muntazam yetkazib turibdi.
“Ba’zi yo’nalishlarda jiddiy o’zgarish va professionallik bor, boshqalarida esa kamchiliklar mavjud va bu qimmatga tushyapti. Dekabrda Xubey provinsiyasining Uxan shahrida ilk bor virus aniqlanganda, u haqda xabar berishga ikki hafta vaqt ketdi”, - deydi ekspert Stefen Morrision.
Ammo Xitoyda erkin ommaviy axborot vositalari yo’q ekani hisobga olinsa, asl vaziyatni bilish qiyin, deydi kuzatuvchilar.
“15 tacha tibbiyot xodimlari ham kasallanganini eshitgan bo’lsangiz kerak. Bu narsa virusning qanchalik jiddiy va xavfli ekanini bildiradi. Chunki tibbiyot xodimlariga virus osonlikcha yuqishi mumkin emas. Bu haqda ular faqat 20-yanvardan keyin aytishdi”, - deydi Tashqi aloqalar kengashi eksperti Yanjon Xuan.
Xitoy ichida ham rasmiylarning sustkashligi tanqid ostiga olindi.
“Ma’lumot o’z vaqtida yetkazilmaganini odamlar tushunadi degan umiddamiz. Yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolash qonuni bor, ma’lumotlar shu asosda chiqariladi. Mahalliy hukumat sifatida biz ruxsat berilgandan keyingina ma’lumot tarqatamiz”, - dedi Uxan shahri meri Jou Xianvan.
AQSh 28-yanvar kuni Pekindan yordam uchun ko’proq chet ellik mutaxassislarni mamlakatga kiritishni so’radi.
“Bizning ekspertlar, Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari borib, xitoyliklarga yordam bersa, virusdan ko’proq namunalar olishimiz mumkin va bu vaksina yaratish yoki davolash imkoniyatlarini oshiradi”, - deydi AQSh Sog’liq va inson xizmatlari agentligi rahbari Aleks Azar.
AQSh rasmiylari amerikaliklarga, o’ta zarur sabab bo’lmasa, Xitoyga bormaslikni tavsiya qilmoqda.
Facebook Forum