Breaking News

Xalqaro loyiha Markaziy va Janubiy Osiyoni bog'laydi


Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani ishtirokida "CASA-1000" loyihasiga start berilmoqda. Kobul, Afg'oniston.
Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani ishtirokida "CASA-1000" loyihasiga start berilmoqda. Kobul, Afg'oniston.

Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani Markaziy va Janubiy Osiyoni bog’laydigan xalqaro elektr energiyasi liniyalari inshootiga ilk g’ishtni qo’ydi. “CASA-1000” nomini olgan ushbu loyiha Tojikiston va Qirg’izistondan Afg’oniston va Pokistonga elektr quvvatini yetkazib berishga qaratilgan.

Qiymati 1,2 milliard dollarga teng ushbu loyiha Taraqqiyot banklari va AQSh tomonidan moliyalangan.

Inshoot qurilishini boshlash munosabati bilan Kobulda o’tgan tadbirda ishtirokchi tomonlarning diplomatlari ham qatnashgan.

Prezident G’aniga ko’ra, loyiha mamlakatlararo munosabatlar va energetik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi hamda taraqqiyotga zamin yaratadi.

Loyiha Pokiston va Afg’oniston o’rtasida uzoq yillardan beri davom etayotgan o’zaro ishonchsizlik muhitida amalga tatbiq qilinmoqda. Kobul Islomobodni Tolibonni dastaklayotganlikda ayblaydi. O’z navbatida, Islomobod Kobulni Pokistonga qarshi guruhlarga boshpana bermoqda deb hisoblaydi.

Tadbirdan so’ng “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bo’lgan Pokistonning Afg’onistondagi elchisi Zohid Nasrulloh Xon mavjum tanglik va kelishmovchiliklarga qaramay, Islomobod loyihada Kobul bilan yaqindan hamkorlik qilishini ta’kidladi. Shu tariqa mintaqaviy munosabatlar ham tiklanadi, dedi diplomat.

Elchi, shuningdek, Afg’onistonda AQSh boshchiligida tinchlik sulhiga erishish borasidagi tashabbuslarni Islomobod to’liq qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

“Tinchlikdan o’zga yo’l yo’q. Muammoning yagona yechimi shu. Aminmanki, barcha tomonlar, mintaqa mamlakatlari va Pokiston muzokaralarning davom etishidan birday manfaatdor”, - dedi diplomat.

Mazkur loyihaning ishga tushishidan Afg’oniston iqtisodi iste’molchi mamlakat sifatida ham, elektr energiyasining xalqaro tranzit nuqtasi sifatida ham manfaatga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG