Prezident Donald Tramp xorijiy mamlakatlarga beriladigan yordam miqdorini 21 foizga kamaytirmoqda. Davlat departamenti bu o’zgarishlarga e’tirozi yo’qligini bildirdi. Ammo qonunchilar tashqi yordamning kesilishi AQShning dunyodagi yetakchiligiga va milliy xavfsizligiga putur yetkazishini aytmoqda.
Tramp ma’muriyati taklif qilgan byudjet loyihasida rivojlanayotgan davlatlar va gumanitar tashkilotlarga yordam kamaytirilmoqda. Har yili prezident yordam dasturlariga pulni kesishni talab qiladi, ammo Kongress rad etib, so’ralgandan ko’ra ko’proq pul ajratadi. Bu yilgi taqdimot ham bahslarga sabab bo’ldi.
“Uch yildan beri shunday takliflar qilinyapti. Bu safar avvalgidek 34 yoki 35 emas, 21 foiz qisqarar ekan. Lekin Kongress bundan norozi”, - dedi jurnalistlardan biri.
“Biz bu byudjetni qo’llab-quvvatlaymiz. U Davlat departamentidagi zahmatkash xodimlarimiz aniqlagan muhim ehtiyojlarni hisobga olgan. Eng muhim maqsadlarga e’tibor qaratilgan jarayon bu”, - dedi Davlat departamentining Tashqi yordam bo’limi rahbari Jim Richardson.
Qonunchilar yordam kesilishini keskin tanqid qildi. Vakillar palatasi Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Eliot Engel bunday chora AQShning dunyodagi yetakchiligini zaiflashtirishi haqida ogohlantirdi.
Ekspertlarga ko’ra, ko’plab jiddiy muammolarni hal qilishda tashqi yordam muhim ahamiyatga ega.
“Shu ishni qilmasak, ba’zi joylarda zo’ravonlik oshadi, beqaror boshqaruv kuchayadi. Migrant va qochoqlar ko’payadi. Tashqi yordam shu muammolarga e’tibor qaratadi. Tramp esa ularni janubiy chegarada devor qurish bilan hal qilmoqchi”, - deydi tahlilchi Brayn Katulis.
Davlat departamentining aytishicha, yangi byudjet ortidan AQSh gumanitar yordam va global sog’liqni saqlash bo’yicha hanuz dunyoning eng katta donori bo’lib qoladi. Vashington boshqa davlatlarni ham ko’proq yordam ajratishga undamoqda.
Facebook Forum