Prezident Shavkat Mirziyoyevning rasmiy safari Turkiya tarixidagi eng yirik “Millat kutubxonasi” ochilishidagi ishtirok bilan nihoyasiga yetdi.
Turkiya va O’zbekiston prezidentlari qatnashgan marosimda Shavkat Mirziyoyev so’zga chiqdi.
Mirziyoyev marosimdagi chiqishida turk ma’rifatparvarlari ijodidan ta’sirlangan Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho’lpon, Abdulla Qodiriy kabi o’zbek jadidlari haqida gapirdi. Ularning siyosiy qatag’on qurboni bo’lganini ta’kidladi.
O’zbekistonda jadidlar harakati faollari xotirasi tiklanishiga muhim e’tibor qaratilayotganini aytgan prezident ularning hayoti va ijodini o’rganish bugungi ko’plab muammoli savollarga javob berishiga ishora qilib o’tdi.
Jadidlar faoliyati Turkiston tarixidagi muhim siyosiy-ijtimoiy harakat hisoblanadi.
Turkiyadagi ma’rifatparvarlardan ilhomlangan jadidlar Markaziy Osiyoni Rossiya bosqinidan xalos etish, mustaqil Turkiston respublikasini tashkil etish uchun kurashgan siyosiy-ijtimoiy kuch sifatida ma’lum.
O’zbekistonda jadidlar xotirasi tiklanayotgani, ularga chuqur ehtirom ko’rsatilayotgani prezident ta’kidlab o’tgan darajada kuzatilmayotgan bo’lsa-da, ammo jadidlar harakatining yuzaga chiqishida Turkiya bilan aloqalar muhim o’rin tutgani tarixiy haqiqat.
Shavkat Mirziyoyevning kutubxona ochilishi marosimidagi nutqi Prezident Rajab Toyyib Erdog’an bilan o’tkazgan tor doiradagi uchrashuvi, shuningdek, davlat rahbarlari raisligida tomonlar o’rtasida tuzilgan strategik kengashning dastlabki muzokaralari ortidan kuzatilmoqda.
Turk matbuoti materiallariga tayanilsa, muzokaralar markazida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish turibdi.
Tomonlar o’zaro savdo hajmini shu yil davomida besh milliard dollarga yetkazish rejasini e’lon qilgan. O’zbekistonda turk sarmoyasi ishtirokini oshirishga kelishilgan.
Mirziyoyev iqtisodiy, tijoriy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishni asosiy maqsad sifatida ta’kidlagan. Shuningdek, prezidentlar xavfsizlik masalasini, jumladan, Afg’oniston bo’yicha hamkorlik qilish yuzasidan ham gaplashgan.
Turkiya-O’zbekiston aloqalarini mustahkamlashdagi irodasi uchun prezident Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirgan Erdog’an strategik kengash muzokaralari tomonlar uchun keyingi uchrashuvga qadar “yo’l xaritasi” vazifasini o’tashini, muzokaralar natijasi ikki xalq taraqqiyoti uchun xizmat qilishini aytgan.
So’nggi paytda o’zaro savdo hajmi avvalgi ko’rsatkichdan 30 foizga oshgan. O’zbekistonda ish yuritayotgan Turkiya shirkatlari soni o’tgan yilning o’zida 430 taga ko’paygan.
Siyosatshunoslar O’zbekiston-Turkiya aloqalari, xususan, tomonlar o’rtasida strategik hamkorlikka doir kengash ish boshlaganini ikki davlat munosabatlarida o’zaro ishonchning tiklangani bilan izohlamoqda.
Siyosatshunos Farhod Tolipovga ko’ra, tomonlar o’zaro ishonch tiklanganini, o’tmishdagi keskinliklar ortda qolganini strategik sheriklikka doir bitim bilan ifoda qilmoqda.
“Strategik sheriklik kengashi albatta hamma davlat bilan ham tuzilavermaydi. Buning uchun o’rtada ishonch bo’lishi kerak. Bu bilan har ikki tomon tushunmovchiliklar ortda qolib, strategik maqsadlar atrofida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini ifodalashmoqda. Ya’ni, O’zbekiston Turkiyani, Turkiya O’zbekistonni strategik hamkor sifatida qabul qilayotgan ekan, munosabatlar ham shunga muvofiq, keng qamrovli, uzoq muddatga asoslangan strategik maqsadlar asosida tuziladi. Bu faqatgina iqtisod emas, albatta xavfsizlik, o’zaro almashinuv, harbiy, siyosiy, madaniy asoslarga tayangan hamkorlikdir. Albatta, men bu strategik hamkorlik bilan Turkiya Markaziy Osiyoga 90-yillarda kuzatilgani kabi qaytishini kutayotganim yo’q. Chunki bugun davr boshqa, O’zbekiston ham, Turkiya ham o’sha paytdagi mamlakatlar emas. Bugun O’zbekistonda ham, Turkiyada ham vaziyat boshqa. Ijtimoiy siyosiy qarashlar ham o’zgarib bormoqda. Bu degani hamkorlik qamrovi torayadi degani emas. Aksincha, aloqalar boshqa, yangi bir darajada rivojlanishiga imkoniyat yaratilmoqda”, - degan fikrda Farhod Tolipov.
O’zbekiston-Turkiya o’rtasidagi strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig’ilishi Toshkentda o’tishi ma’lum qilingan. Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidentini O’zbekistonga, kengashning navbatdagi yig’inini o’tkazish uchun taklif qilgan.
Anqarada o’tgan dastlabki yig’ilish yakunida prezidentlarning qo’shma bayonoti imzolangan. Shuningdek, tomonlar o’rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoya, transport va madaniy sohadagi hamkorlikka doir bir nechta hujjatlar ham imzolangan.
Turkiyada yashaydigan o‘zbekistonliklar “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Prezident Mirziyoyevning ushbu tashrifi besamar ketmasligiga va o‘zaro aloqalarining mustahkamlanishiga xizmat qilishiga ishonishini aytdi. Xususan, Izmirdagi Egey universiteti doktoranti Avazxon Umarov oxirgi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ta’lim bo‘yicha hamkorlik tobora rivojlanib borayotganiga to’xtalar ekan, tashrifdan so‘ng bu hamkorlik yangi boshqichga ko‘tarilishiga umid bildirdi. Marketing sohasida ilmiy tadqiqot olib borayotgan Alisher Safarov esa Prezident Erdog‘an aytganidek, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi chindan ham besh milliard dollarga yetsa, vaziyat xalqlarning turmushi yaxshilanishiniga xizmat qilishini aytdi.
Facebook Forum