17-mart kuni AQShning O'zbekistondagi elchixonasi koronavirusga qarshi kurash yo'lida respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga xayriya sifatida tibbiy vositalar topshirdi.
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) koronavirusdan zarar ko‘rgan yoki uning tarqalishi xavfi yuqori bo‘lgan mamlakatlar, shu jumladan O‘zbekiston uchun, yuqumli kasalliklar bo‘yicha favqulodda zaxira fondidan mablag‘ ajratgan.
AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblumga ko'ra, USAID O‘zbekistonni quvvatlashda davom etadi.
“Yangi koronavirus kasalligi faqatgina hukumatlar va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik orqali bartaraf etilishi mumkin bo‘lgan, global sog‘liqni saqlashga tahdid solayotgan kasallikdir... AQSh hukumati ushbu global epidemiyaga tayyorgarlik va javob choralarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistondagi tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda”,- deydi elchi.
USAID bergan ko'mak doirasida 10 000 ta qo‘lqop, 10 200 ta niqob, 1400 ta maxsus xalat va 200 ta ko‘zoynak bor. Ular O‘zbekiston bo‘ylab viloyat markazlari va shaharlarda tarqatiladi.
“Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati nomidan koronavirus infektsiyasiga qarshi tayyorgarlik va javob choralarini ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasiga ko‘rsatgan yordami uchun Amerika Qo‘shma Shtatlariga chuqur minnatdorlik bildiramiz. Biz vatandoshlar salomatligi va farovonligini oshirish borasidagi yaqin hamkorligimizni yuksak qadrlaymiz”, - deydi bosh sanitar vrach va agentlik direktori Bahrom Almatov, elchixona tarqatgan press relizda.
Mutasaddilarning ta'kidlashicha, shaxsiy himoya vositalari O‘zbekistonda tibbiyot xodimlariga mamlakatda COVID-19 bilan zararlangan bemorlarni davolash uchun tez va xavfsiz chora ko‘rishga imkon beradi.
Facebook Forum