Amerika bo’ylab koronavirus tarqalib borar ekan, shahar rasmiylari restoran va barlarni yopishni buyurmoqda. Kasodga uchramaslik uchun biznes egalari mijozlarga xizmat ko’rsatishning yangi usullarini o’ylab topmoqda.
Taniqli oshpaz Xose Andres restoranlarini inqirozdan asrab qolishga urinmoqda.
“Hozircha hammasi yaxshiga o’xshaydi. Lekin biz eng yomoniga tayyor turishimiz kerak”, - deydi u.
Andres koronavirusga qarshi kurash doirasida Vashington va Nyu-Yorkdagi ko’p restoranlarini vaqtincha yopdi.
Lekin endi arzon va ba’zan hatto bepul ovqatlar tarqatib, restoranlarini mahalla oshxonalariga aylantirmoqda.
“Markazdagi to’rtta restoranim bilan oshxonalar, xususiy sektor favqulodda yordamning bir qismi bo’lishi mumkinligini ko’rsatmoqchiman. Shaharni, odamlarni ovqatlantirish orqali, ishchilarga ozroq maosh to’lash va ular ishini saqlab qolish bilan yordam berishimiz mumkin”, - deydi Xose Andres.
Xaltalarga solingan ovqat restoran tashqarisida odamlarga taqdim etilmoqda. Hudud qo’lni yuvish vositalari va o’zaro masofani saqlash haqidagi belgilar bilan ta’minlangan.
Agar shaharlarda shunday favqulodda holatlar yuz bersa, shu ishimiz yordam berish namunasi bo’lsin, deydi Andres.
“Odamlar, keksalar uchun bir kosa ovqatni muammosiz oladigan kichik restoranlarning bo’lgani yaxshi. Kimdir ularga ovqat olib borishiga ehtiyoj bo’lishi ham mumkin. Hamma joyda shuni yo’lga qo’ya olsak, butun shaharlarni boqa olamiz”, - deydi oshpaz.
Xose Andres tabiiy ofat yuz bergan joylarda bepul taom tarqatadigan Dunyo markaziy oshxonasi nomli notijorat tashkilotiga ham asos solgan. Uning jamoasi dunyo bo’ylab yordamga muhtoj odamlarga yegulik ulashadi.
Boshqa restoranlar ham yangi vaziyatda mijoz va ishchilarini boy bermaslikka harakat qilmoqda.
Gordon Benks poytaxt Vashington atrofida bir necha restoranga ega yana bir tadbirkor.
“Yakshanba juda og’ir kun bo’ldi, chunki pandemiyani to’xtatish uchun ishchilarni kamaytirish va restoranlarni yopish haqida qaror berdim. 15 tacha odamni ishga qaytarib, endi ovqat yetkazib berishni yo’lga qo’yyapmiz. Biz foydani bo’lishamiz. Men ham, hamkorim Jeki ham bundan tushgan hamma mablag’ni ishchilarimizga beramiz”, - deydi Benks.
Butun mamlakat yangi hayot tarziga moslashishga harakat qilmoqda.
“Kutilmagan holatlarga moslashmasak, hech narsa o’zgarmaydi. Dunyo markaziy oshxonasi orqali hamma narsaga, vulqonlarga, siyosiy vaziyatlarga, zilzila, to’fon va toshqinlarga moslashishni o’rganganmiz. Hammamiz shunday qilishimiz kerak. Maqsadimizga erishamiz, degan umiddaman”, - deydi Xose Andres.
Facebook Forum