Breaking News

Afg'oniston AQSh yordamni qisqartirgan taqdirda qanday yashaydi?


23-mart kuni Afg'onistonga tashrif buyurgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Kobulga yordam qisqartirilishi haqida eslatgan. Vashingtonning moddiy ko'magi bu yil kamida 1 milliard dollarga kamayishi mumkin.

Prezident Ashraf G'ani bu afg'on iqtisodiyoti va umuman hayotiga uncha katta zarar keltirmaydi, degan fikrda.

"Afg'oniston bunday sinovlarga tayyor", - deydi G'ani.

Uning aytishicha, mamlakatga hech qachon oson bo'lmagan, lekin hozirda vaziyatni o'nglash uchun imkoniyatlar bor.

"Sizga ishonch bilan aytamanki, AQSh yordami kamayishi asosiy sektorlarga u qadar salbiy ta'sir qilmaydi. Biz boshqa manbalarga murojaat qilamiz", - deydi afg'on rahbari.

Qo'shma Shtatlar 2001-yildan beri Afg'onistonga 130 milliard dollardan oshiq moddiy ko'mak ko'rsatgan.

Pompeo Kobulda Prezident G'ani va hokimiyatni talashib kelayotgan Abdulla Abdulla bilan muloqot qilgan. So'nggi prezidentlik saylovida, uzoq tekshiruv ketidan, G'ani g'olib deb e'lon qilingan. Biroq prezidentlik uchun kurashgan Abdulla bu haqiqat ekaniga ishonmaydi va uni tan olmayapti. Orada tanglik kuchli.

Pompeo afg'on zaminiga dunyo koronavirus balosi bilan olishayotgan paytda safar qilib, tomonlarni murosaga chaqirdi.

Kobulda ikki lider kelisha olmayotgani yurt bo'ylab xavotir uyg'otadi, deydi tahlilchi Abdul Kabir Ranjibar.

AQSh yordam ozayadi deb turishi bu xavotirni yanada oshiradi, deydi mutaxassis.

Koronavirusga qarshi kurash shundoq ham qashshoq xalqqa yana bir zarba. Rahbarlar esini yig'ib, tezroq murosa qilishi va el manfaati uchun bir yoqadan bosh chiqarishi lozim, deydi "Amerika Ovozi" bilan so'zlashgan afg'on ziyolilari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG