Tramp ma'muriyatiga ko'ra, Meksikadan Amerikaga noqonuniy o'tgan odam ushlanishi bilanoq chiqarib yuboriladi. Biroq bunday kirayotganlar soni 50 foizga kamaygan.
Chegara xavfsizligini ta'minlash bo'yicha mas'ullardan biri Mark Morgan deydiki, oldinlari kirganlar hibsga olinar va tekshirilar edi. Hozir ular darhol qaytariladi, chunki koronavirus yuqishi ehtimolining oldini olish zarur.
Biroq Meksika ham hammani qayta qabul qilmayapti. O'z fuqarolariga eshik ochiq va ayrim markaziy amerikaliklarga. Lekin AQSh hibsxonalarida o'tirib, keyin qo'yib yuborilganlarni qabul qilmaydi. Chunki ularda virus bo'lishi mumkin. Keksalar va bolalarga ham darvoza yopiq.
Meksika Tashqi ishlar vaziri Marselo Ebrard so'zi bilan aytganda, ular "Amerikaning muammosi".
Meksika orqali AQShga yanvar-fevral oylarida kirganlardan qariyb 6000 nafari Braziliyadan, 1200 nafari esa Xitoydan bo'lgan. Ularning taqdiri murakkab, chunki Meksika ularni qaytara olmagan va yurtlariga qaytishi ham amri mahol.
Amerika mutassaddilari ularni darhol orqasiga qaytarish harakatida bo'lgan, lekin uddasidan chiqa olmagan.
"Kelgindilarni" ushlab turadigan joylar allaqachon odamga to'la va u yerda kasallanish ehtimoli baland.
Meksika bilan chegara hozir faqat savdo uchun ochiq. Kuniga ikki davlat orasida 3 milliard dollarga yaqin tijorat qilinadi. Sayyohlar ayni damda o'ta olmaydi.
Texas shtati qo'lida 300 noqonuniy migrant borligi, qolganlarini saqlash uchun inshoot yo'qligi bois federal hukumatdan yordam so'ragan.
Bu orada immigratsiya tarafdorlari Tramp ma'muriyatini sudga berib, hisbdagi migrantlarni qo'yib yuborishni talab qilmoqda. Chunki, deydi ular, bu insonlar yuqumli kasalliklardan himoya qilinmayapti. Ular, shuningdek, hibsdagilarni aybsiz deb biladi.
Oq uy bu iddaolarni rad etadi. Amerika hozir faqat amerikaliklarga ochiq, deydi Prezident Tramp. Qochqinlar, boshpana so'rab kelayotganlar va boshqalar vaziyat o'zgarishini kutishi kerak. Koronavirusga qarshi kurash davom etar ekan, immigratsiya har tomonlama cheklangan.
Facebook Forum