Amerikaliklar bir-biridan uzoqda turib, tadbirlar o'rkazmay, kasallik tarqalishining oldini olayotgani uchun Prezident Tramp minnatdorchilik bildirdi.
To'qqiz kundirki, AQSh bo'ylab favqulodda vaziyat hukmron.
Xalq salomatligini ta'minlash - eng muhim vazifa, deydi u.
"Koronavirusni yengish uchun hammamiz kuchli bo'lib, bir-birimizni quvvatlashimiz lozim", - deydi Tramp.
"Bu kunlar nihoyasiga yetadi. Yana normal hayotga qaytamiz. Virusga qarshi kurashda har kuni millionlab tibbiy vositalar tarqatilmoqda. Maqsad barcha tibbiy muassasalarni texnik jihatdan qo'llab-quvvatlash", - deydi prezident.
Amerika rahbari Pasxa kunigacha ahvol ancha yaxshilanadi degan umidda. Pasxa bu yili 12-aprelga to'g'ri keladi.
Oq uy asosiy e'tiborni koronavirus eng keng tarqalgan shtatlarga qaratmoqda, jumladan, Nyu-York, Nyu-Jersi, Kaliforniya, Vashington va boshqalar.
AQShda 24-martdagi hisoblarga ko'ra, virusni yuqtirganlar 53 mingdan oshgan, o'lganlar 700 ga yaqin.
Kasallanganlarning eng katta qismi Nyu-York shahri va uning atrofiga to'g'ri kelmoqda. Nyu-York shtati bo'ylab 26 mingga yaqin holat qayd etilgan, yarmidan ko'pi Nyu-York shahrida. O'limlarning 210 tasi shu shtatda. Hukumat shu sabab bu hududdagi holatdan xavotirda. Har 1000 kishidan biri kasallikka chalinishi mumkin.
Yaqinda Nyu-Yorkda bo'lgan barcha o'zini karantinda saqlashi kerak, deydi mutasaddilar. Kelasi 14 kun izolyatsiyada bo'ling, agar hozirda shahardan chiqib ketgan bo'lsangiz ham, deydi rasmiylar.
Shifokorlar deydiki, o'zini xavfdan olib qochayotgan nyu-yorkliklar va u yerda vaqtincha bo'lib, o'z shtatlariga qaytayotganlar butun yurt salomatligiga tahdid soladi. Shu sabab ham karantin juda, juda zarur, deya eslatmoqda ular.
AQSh Moliya vaziri Stiv Mnuchin Kongressda demokratlar va respublikachilar bilan muzokarada. 2 trillion dollarga yaqin moliyaviy ko'makni o'z ichiga olgan qonun loyihasi muhokamada. Kichik, o'rta va katta bizneslarni quvvatlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, tibbiyot sohasiga yordamni oshirish ko'zlangan.
Tramp fikricha, bir oy oldin har jihatdan kuchli bo'lgan iqtisodiyot yana oyoqqa turib oladi. Eng qiyin davrdan o'tib olish kerak, deydi u Oq uydan turib, jamoatchilikka murojaat qilar ekan.
"Biz eng kuchli olimlar, ilm-fan, tibbiyotchilarga egamiz. Ulardan olingan maslahat, qo'limizdagi faktlar, xalqimiz sog'lig'iga qarab to'g'ri qaror qabul qilamiz", - deydi Tramp.
"Bu - tibbiy inqiroz, iqtisodiy inqiroz emas. Shunday ekan, sog'likni saqlash uchun barcha zarur choralarni joyiga qo'ygan holda xalqimizning normal tarzda yashashi uchun zamin hozirlayapmiz".
"Kelajakda tibbiyotga ko'proq e'tibor beramiz... Chegaralarni mustahkamlashda davom etamiz. Amerika hech qachon hech kimga muhtoj bo'lmaydi", - deydi prezident.
Amerika energetik mustaqil, texnologik mustaqil, iqtisodiy mustaqil, ilmiy va ta'limiy mustaqil, sanoatlari mustaqil, xullas, har sohada o'zini eplaydigan tizim bo'lib qoladi, deydi u.
Trampdan norozi tomonlar nazarida, prezident koronavirusga qarshi kurashga sabrsizlik bilan yondashib, shoshib qarorlar qilishi, o'z reytingi va yaqinlashayotgan saylov yo'lida o'z siyosiy manfaatlarini ustun qo'yib, vaziyatga vijdonan baho bermasligi ehtimoli katta.
Facebook Forum