2020-yilning fevrali Eronda tarixiy voqeliklarga boy bo’ldi. Mamlakat Islomiy inqilobning 41 yilligini nishonladi. Parlament saylovlari o’tdi. Fuqarolarga siyosiy tadbirda faol ishtirok etish yuzasidan bosim o’tkazildi. COVID-19 pandemiyasi aholi salomatligi va mamlakat iqtisodiga jiddiy zarba berdi. Mamlakat rahbarlari pandemiyaga qarshi kurash va xalqni himoyalash ishlariga yetarlicha e’tibor qaratmadi.
COVID-19 yaqin masofali aloqada tez yuqadigan virus. U ayrim shaxslarda yengil yoki o’rta darajada o’tishi mumkin. Biroq qariyalar, boshqa kasallik bilan kurashayotgan bemorlar va immuniteti zaif odamlarni virus oson yengadi. Eron hukumati kasallik bilan bog’liq real voqelikni yashirishga urindi. Asl raqamlarni sir tutdi. OAVni to’liq nazorat qiluvchi hukumat mamlakat liderlari sha’niga dog’ tushirishi mumkin deb bilingan barcha statistik ma’lumotlarni senzura elagidan o’tkazadi. Xususan, mamlakatda giyohvandlik, ekologik holat va saratonga chalinganlar sonining ortib borayotgani bilan bog’liq haqiqat ham oshkor etilmaydi.
Ayni damda Eron pandemiyani nazoratga olish choralarini joriy etgan. Aholini ko’rikdan o’tkazish markazlari ishlamoqda. Diniy obyektlar yopilgan. Aholiga sayohat qilmaslik, uyda qolish va gigiyena qoidalariga rioya qilish bo’yicha ko’rsatma berilgan. Biroq choralar yanada kuchaytirilishi lozim.
Mamlakat sog’liqni saqlash tizimi og’ir yukni zimmasiga olgan. Kasallanganlar rasman 80 mingdan oshgan. Biroq amalda raqamlar bundan ham yuqori. O’limlar soni 5 mingdan oshgan. Yaqin Sharq mintaqasida Eron virusga chalinganlar soni bo’yicha katta farq bilan birinchi o’rinda.
Virus kelib chiqqan Xitoy singari Eron ham uning o’chog’i va joriy ko’lami borasida yolg’on ma’lumot bermoqda.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo buni quyidagicha izohlaydi:
“Eron rahbariyati o’zining layoqatsizligi uchun javobgar bo’lishni istamaydi. Afsuski, Eron xalqi 41 yildan beri ana shunday yolg’onlar qurboniga aylanmoqda. Rahbariyat Uxanda paydo bo’lgan virusning o’limga eltishini yaxshi biladi. Eron hukumati pandemiyaning qotil sherigi”.
AQSh pandemiyaga qarshi kurashda Eronga ko’mak berish maqsadida gumanitar yordam taklif etgan.
“Umid qilamizki, ular taklifimizni qabul qiladi. Ko’magimiz Eron xalqi boshiga tushgan kulfatni bartaraf qilishga xizmat qiladi”, - dedi Pompeo.
Facebook Forum