Islom olamida muqaddas Ramazon oyi boshlandi. Dunyo bo'ylab millionlab musulmonlar unga oziq-ovqat xarid qilish bilan tayyorlanadi. Bu yil savdo qanday bo’lyapti? "Amerika Ovozi" muxbirlari Turkiyadagi savdogarlar bilan suhbatlashdi.
Dunyo bo'ylab millionlab musulmonlar uchun muqaddas Ramazon oyi toat-ibodat va ro'za oyidir.
Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli Turkiyada Ramazonning birinchi kuni komendantlik soati joriy qilingan paytga to’g’ri keldi.
Natijada ertaroq oziq-ovqat sotib olish uchun odamlar do’konlarga yopirildi.
Talab ortib borar ekan, Turkiya poytaxti Anqarada ham narxlar oshmoqda.
“Bu mavsumda maydanoz, marul va arpabodiyon kabi sabzavotlar eng ko'p bo’ladigan mavsum. Bular qishda kam bo'lganida 50 sentdan sotilardi, ammo hozir 2 -3 liradan sotilyapti. Nega hech kim bizni o’ylamaydi va bularni nazorat qilmaydi?” – deydi Zahro ismli xaridor.
"Bozor qimmat, ha, lekin nega u qimmat? Chunki mahsulotlar har kuni keladi. Ular yangi bo’lgani uchun ham qimmat. Buning sababi bor. Aniqroq qilib aytganda, ulgurji bozorda ham allaqachon narxlar oshgan. Shuning uchun sotuvchilar qimmatroq sotishga majbur”, - deydi Sayfiddin ismli yana bir xaridor.
Ko'plab sayyohlarni o'ziga jalb etuvchi Istanbulda manzara bugun boshqacha. Mashhur ziravorlar bozori joylashgan shaharning tarixiy Eminonu mahallasida odam odatdagidek ko’p emas. Bu ba'zi do'kon egalarini xavotirga solmoqda.
"Ramazonda katta savdo bo’lishini kutgan edik, ammo shirinliklarga yangi buyurtmalar kelmayapti. Do'kon kassalari bo'sh. Hamma qatori xavotirdamiz", - deydi Sezgin Uludag’ ismli do’kon ishchisi.
"O'tgan Ramazonda xurmo uchun uzun navbatlar bo’lardi. Hozir esa xaridorlarga qaraganda ko'proq yetkazib beruvchilar mavjud. Mijozlar kam. Odamlar tashqariga chiqishga qo'rqadi. Bir yarim oydan beri shunday”, - deydi Nimet Kandemir ismli kassir.
“Biz yana uch oy tura olamiz. Agar vaziyat o’nglanmasa, ish joyimizni yo'qotamiz. Xavotirdamiz. Chunki bunga tayyor emasmiz”, - deydi Metin ismli ishchi.
Pandemiya tufayli vaziyat og’ir qolar ekan, dunyo bo'ylab millionlab musulmonlar har doimgidan ham ko’ra ko'proq hozir e’tiqodlariga tayanishlarini aytadi.
Facebook Forum