Prezident Donald Trampga ko'ra, Amerikaning qator shtatlarida koronavirusga chalinganlar soni pasayib borayotgani mamlakatni qayta ochish uchun muhim dalda. Lekin raqamlar haliyam yuqori. Nyu-York shtatida, masalan, bemorlar 116 mingdan oshgan, virusdan jon berganlar esa 7000 ga yaqin.
29-aprelgacha AQShda 1 million 100 mingga yaqin odam virusni yuqtirgan, 61 mingdan ziyod kishi undan vafot etgan, tuzalganlar esa qariyb 146 ming.
Dunyo bo'ylab 3 million 200 ming bemor bor. O'lganlar 227 ming. Sog'ayganlar ham 1 millionga yetib qoldi.
AQSh koronavirusdan eng ko'p aziyat chekkan davlat bo'lib qoldi. Ommaviy so'rovlarda amerikaliklar Oq uyni pandemiyaga qarshi kech chora ko'rganlikda, uning xavfini to'g'ri baholay olmaganlikda ayblaydi. Prezident Tramp bu tanqidni inkor etadi va vaqtida harakat qilinmaganida zarar ko'lami hozirgidan bir necha barobar kattaroq bo'lar edi, deydi.
"Hozirgacha AQShda olti million odam test topshirdi. Aholisini bizchalik ko'rikdan o'tkazgan davlat yo'q dunyoda. Biz bu borada lidermiz va eng oshkora tizimmiz", - deydi Tramp.
Oq uyda sanoatlarning rahbarlari bilan o'tgan yig'inda Tramp hukumat va omma davlatni qayta ochishga, normal hayotga qaytishga tayyor, deya qayta-qayta takrorladi.
Buning uchun uch bosqichli jarayon rejasi tuzilgan. Qachon ochilishni va qanday harakat qilishni shtatlarning o'zi hal qiladi. Federal hukumat ularni quvvatlaydi.
Agar shtatda ikki hafta mobaynida bemorlar soni muntazam ravishda kamaysa, demak, u ochilishga tayyor, deya tushuntiradi rasmiylar.
Reja sog'likni saqlash mutasaddilari va tibbiy maslahatchilar tavsiyalariga tayangan holda tuzilgan.
Kongress ajratgan 2,2 trillion dollarlik moliyaviy ko'mak har bir sanoatga yetib bordi. Aksariyat amerikaliklar hukumatdan chek oldi. Bu yordam miqdori ularning daromadiga qarab berildi. Yillik maoshi 100 ming dollardan oshiq bo'lganlargina Kongress ko'magidan individual ravishda bahramand bo'la olmadi. Biroq ular ishlaydigan sohalar va korxonalarga madad ko'rsatildi.
Biroq Amerika bo'ylab mart o'rtasidan beri 30 millionga yaqin odam ishidan ayrilgan. Ular haftasiga hukumatdan 600 dollardan yordam puli oladi. Bunday yordam yoz o'rtasigacha beriladi.
Prezident deydiki, kuzga borib Amerika ancha oyoqqa turib olgan bo'ladi. Qayta saylanish umididagi Tramp 3-noyabrgacha vaziyat normallashib, xalqning ruhiyati ijobiy bo'ladi, deya mulohaza bildirmoqda. Saylov o'sha kuni o'tkaziladi.
Pandemiya sabab saylov kampaniyasi sustlashgan. Trampning demokrat raqibi, sobiq vitse-prezident Jo Bayden qator shtatlarda prezidentdan oldinda, ya'ni reytinglari balandroq.
Tramp yaqin orada ommaviy tadbirlarni o'tkaza boshlashi mumkinligini aytgan. Bunga qarshilik kuchli, chunki koronavirus hamon ko'plab shtatlarda yuqori darajada. Biroq Tramp kasallik past sonda kuzatilgan shtatlarda saylovchilar bilan uchrashishga tayyor.
Facebook Forum