AQSh Mudofaa vaziri Mark Esperning aytishicha, Afg’onistonda tinchlik jarayoni kutilganidek tez kechmayapti. Unga ko’ra, Tolibon zo’ravonliklarni kamaytirish bo’yicha bergan va’dasini bajarmagan.
“Ancha orqadamiz. Kelishuvni to’liq amalga oshirish uchun nima qilishlari lozimligi haqida har ikki tomon bilan gaplashishda davom etamiz”, - dedi Esper.
Rasmiylar AQSh va Tolibon o’rtasida fevral oyida tuzilgan bitim 18 yildan beri urush domiga botgan Afg’onistonda tinchlik jarayonini boshlab berishiga umid qilgan edi.
Ammo muloqot ilk bosqichdayoq to’xtab qoldi. Tolibon bilan muzokaralarni boshlash o’rniga Prezident Ashraf G’ani va Bosh ijrochi Abdulla Abdulla hokimiyat uchun bir-biriga qarshi kurash boshladi.
Esperning aytishicha, Tolibon xalqaro kuchlarga hujum qilmaslik bo’yicha bergan va’dasining ustidan chiqmoqda, ammo Afg’oniston hukumatiga qarshi hujumlarni oshirgan.
“Afg’oniston tomonidan zo’ravonlik kamayishi kuzatilmadi, deyish mumkin. Boshqa tomondan, ular bizga yoki yirik shaharlarga hujum qilgani yo’q”, - dedi AQSh mudofaa vaziri.
Pentagon so’zlovchisi Jonatan Xofmanning aytishicha, Tolibon tomonidan “qabul qilib bo’lmas darajadagi ko’p” hujumlar “diplomatik yechim sari yetaklamaydi”.
Havo hujumlari
AQSh Markaziy qo’mondonligining kutilmaganda e’lon qilishicha, Pentagon bundan buyon Yaqin Sharqda, jumladan, Afg’onistonda amalga oshiriladigan havo hujumlari soni haqida ma’lumot bermaydi.
Qo’mondonlik so’zlovchisi Zakari Harrelning aytishicha, o’zgarish diplomatik aloqalarga oid bo’lib, havo hujumlari haqidagi hisobot Afg’oniston tinchlik muloqoti bo’yicha Tolibon bilan muzokaralarga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
AQSh Markaziy qo’mondonligining Havo kuchlari bo’limi 2013-yildan beri o’tkazilgan havo hujumlari soni bo’yicha oylik hisobot chiqarib kelgan.
Bunday hisobot so’nggi bor fevralda e’lon qilindi. Tolibon bilan tinchlik kelishuvi shu oy oxirida imzolangan edi.
Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha bosh inspektor yaqinda AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya Afg’onistondagi missiyasi bo’yicha yetarli ma’lumot bermayotganini xavotir bilan tilga olgan edi. Unga ko’ra, Tolibon uyushtirgan hujumlar soni bo’yicha hisobot chiqarilishi to’xtatilgan.
Bosh inspektor idorasiga ko’ra, Afg’onistonda xavfsizlik va barqarorlikni tiklashda Tolibon hujumlarining qanchalik kamayganini bilish muhim.
Facebook Forum