Sovet Ittifoqi parchalanishi ortidan va prezident Boris Yelsin davridagi siyosiy-iqtisodiy betartiblikdan foydalanib, bir guruh rossiyaliklar davlat korxonalarini, neft va foydali qazilma konlarini juda arzon narxlarda qo’lga kiritgan edi. Rossiyaning badavlat oligarxlari bugun koronavirus tarqalishini to'xtatishga kuchi yetmayotgan davlat o’rnini egallashga harakat qilmoqda.
Prezident Vladimir Putinning pandemiyaga qarshi kurashdagi ojizligi noroziliklarga sabab bo’lmoqda. "Levada" markazi so'rovnomasiga ko'ra, prezidentning reytingi tarixiy eng past darajaga tushgan: bir oy ichida 63 foizdan 59 foizga pasaygan.
Hatto davlatga qarashli “Russia Today” telekanali ham mamlakatda ishsizlik ikki baravar ko'payishini aytib, Yelsin yillaridagi iqtisodiy turg’unlikka qaytish Prezident Putin uchun kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Prezident mas'uliyatni viloyat rahbarlariga yuklamoqda
Qaror berish vakolatini hududlar ixtiyorida qoldirish Putinning hokimiyat tepasiga kelgandan beri olib borgan siyosatiga zid, deydi tahlilchilar. Kreml yillar davomida Rossiyaning kuchli markaziy hukumatga muhtojligini ta'kidlab, hokimlarning vakolatlarini cheklab kelgan.
"Iqtisodiyot tezda normal holatga qaytishi barchamizning manfaatlarimizga javob beradi, - dedi Putin iqtisodiyot to’liq yopilgan davr nihoyasiga yetganini e’lon qilgan nutqida.
Ammo odatiy hayot tarziga qaytish uchun hali ancha ertaga o’xshaydi. 12-may kuni Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov koronavirusga chalingani aniqlanib, kasalxonaga yotqizildi. U virus yuqtirgan beshinchi yuqori lavozimli amaldordir.
Ayrim tahlilchilar Putinni pandemiya uchun mas’uliyatdan qochishda ayblamoqda. Hafta boshida Rossiya rahbari umummilliy "ishlamaydigan davr" tugaganini e'lon qildi va mintaqalarni ochish yoki ochmaslik qarorini berish masalasini mahalliy hokimlar ixtiyorida qoldirdi.
“Yuqori darajada markazlashgan siyosiy tizim yaratganiga qaramay, u virusga qarshi urushning bosh qo'mondoni bo'lishni istamadi. Buning o'rniga, u mahalliy rahbarlarga ham insonlar hayotini, ham iqtisodiyotni saqlab qolish vazifasini yukladi", - deydi Buyuk Britaniyaning Qirollik Birlashgan Xizmatlar instituti (RUSI) tahlilchisi va "Moscow Times" gazetasi sharhlovchisi Mark Galeotti.
Oligarxlar davlat o’rnini egallayaptimi?
O'z navbatida gubernatorlar virusga qarshi kurashda davlat tomonidan ko’rsatilmagan ko’makni Rossiya oligarxlaridan topmoqda. Rossiyaning taniqli boylari - po'lat magnati Aleksey Mordashov to'rt viloyat hokimiga zavodlari joylashgan shaharlarini yopish haqida ko’rsatma bergan va yana bir milliarder Vladimir Potanin koronavirusga qarshi test to'plamlari, himoya niqoblari va sun’iy nafas olish moslamalari uchun yuz million dollardan ko'proq pul sarflagan.
Rossiyada virusga chalinganlar soni kundan kun oshishda davom etmoqda. Mamlakat eng ko’p infeksiyalar soni bo'yicha dunyoda ikkinchi o'ringa chiqib oldi.
Metall magnati Oleg Deripaska Sibirdagi uchta COVID-19 klinikasini moliyalashtirmoqda. Oligarxlar o'zlarining ishtirokini vatanparvarlik bilan izohlab, davlat strategiyasini keskin tanqid qilishdan saqlanmoqda. Lekin Deripaska mart oyidayoq Kremlni barcha chegaralarni berkitib, mamlakatda 60 kunlik karantin joriy qilishga chaqirgan edi.
Tahlilchilarga ko'ra, oligarxlar Putin bilan mavjud yozilmagan kelishuvni esdan chiqarmaydi, ya’ni ular siyosatga aralashmasligi kerak. Ularda bitimni buzish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida yetarli misollar bor. Masalan, o’z davrida dunyoning eng boy 16-odami bo’lgan neft magnati Mixail Xodorkovskiy siyosatga kirgani uchun 2003-yilda firibgarlik va mol-mulkni noqonuniy o'zlashtirishda ayblanib, to’qqiz yilga ozodlikda mahrum qilingan.
Ba’zi kuzatuvchilar fikricha, oligarxlar vatanparvarlik uchun emas, balki ularning mol-mulkini himoya qilib kelayotgan Putin boshqaruvidagi tizim tahdidga yuz tutgani bois koronavirusga qarshi kurashga o’z hissasini qo’shmoqda.
Putin uchun eng sinovli davr
Vladimir Putin bu orada konstitutsiyani o’zgartirish taklifi bilan chiqdi. Agar bu reja amalga oshsa, u hokimiyatda yana 12 yil qolish imkoniyatini qo’lga kiritadi.
"Ammo Kreml, avvalo, virusni va yangi iqtisodiy inqirozni yengib o’tishi kerak, - deydi "Karnegi" Moskva markazi tahlilchisi Tatyana Stanovaya. - Bu egizak muammolar Putin rejimi shu paytgacha yuzlashgan eng katta tahdid va ular xalq noroziligini keltirib chiqarishi mumkin”.
Iqtisodiyot pasayishga yuz tutgan. Ishga layoqatli rossiyaliklarning chorak qismi ishsiz qolgan yoki yaqin orada ishini yo’qotishi kutilyapti. Har o’n rossiyalikning oltitasida orttirilgan mablag’ zaxirasi yo’q. Ayrim norozilik namoyishlari ham bo'lib o'tgan. Tahlilchilar fikricha, pandemiya Moskva va Sankt-Peterburgdan tashqariga yoyilsa, kasalxonalar va mahalliy sog'liqni saqlash xizmatlari yillar davomida e'tibordan chetda qolgan bu hududlarda vaziyat yanada og’irlashishi mumkin.
Kreml kech bo’lsa-da xavf ko’lamini tushungandek. Putin koronavirus boshlangandan beri xalqqa qilgan beshinchi murojaatida oddiy rossiyaliklar va kichik biznesni qo'llab-quvvatlash bo'yicha yangi choralarni e'lon qildi. Ushbu chora-tadbirlar orasida shifokorlar va ijtimoiy ishchilar uchun mukofotlar, bolali oilalar uchun imtiyozlar, kompaniya egalari uchun imtiyozli kredit shartlari va kichik biznes uchun soliq imtiyozlari mavjud.
E’lon qilingan choralar iqtisodchilar olqishiga sazovor bo’ldi.
"Inqiroz davrida birinchi marta biz to'lovlar hajmi hech bo'lmaganda iqtisodchilar taklifiga va muxolifat yetakchilarining talablariga yaqin kelishini ko'rmoqdamiz", - dedi Chikago universiteti va Rossiya Oliy maktabi professori Konstantin Sonin.
Yangi choralar siyosiy umidsizlikni susaytiradimi yoki yo'qmi, hozircha noma'lum. Davlat beradigan to'lovlar oddiy rossiyaliklar uchun faqat bir oylik oziq-ovqat xarajatlariga yetishi aytilmoqda.
Raqamlar shubha ostida
Koronavirusdan o'lim holatlariga oid Kreml berayotgan raqamlar savol ostiga olinmoqda. Jami kasallanganlarning 52 foizi qayd etilgan Moskvada vaziyat aslida bundan og’irroq ekani haqida xavotirlar bor.
14-may kuni Rossiyada 9 974 ta yangi koronavirus infeksiyasi aniqlandi; mamlakat bo’ylab jami kasallar soni 260 mingdan oshdi. O’limlar soni 2 418 tani tashkil etmoqda.
Kuzatuvchilar fikricha, rasmiy ravishda berilgan o'lim ko'rsatkichiga ishonish qiyin. Rossiyada birinchi marotaba virus bilan bog'liq o'lim 19-mart kuni qayd etilgan edi. Ammo bu keksa ayolning o’limi sababi o’zgartirilib, qon quyqasidan vafot etgan deb qayta tasniflandi.
Facebook Forum