Breaking News

AQShda irqchilikka qarshi namoyishlar 22 ta shaharga tarqaldi


Oq uy qarshisida namoyish
Oq uy qarshisida namoyish

AQSh bunday g’alayonlarni anchadan beri ko’rmagan edi. Sietldan Vashingtongacha shaharlar yonmoqda, kunduzi tinch o’tayotgan namoyishlar tunda talon-taroj va vayronagarchiliklarga aylanmoqda.

Xalqaro hayot – 1-iyun, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:07 0:00

12 shtat gubernatori Milliy gvardiya qo’shinlarini yordamga chaqirdi.

Namoyishlar bir hafta oldin Minneapolis shahrida qora tanli Jorj Floydning oq tanli politsiyachi qo’lidan o’lishi ketidan boshlanib ketdi. Politsiyachi Derek Shovinga 3-darajali qotillik ayblovi qo’yildi. Namoyishchilar Floydning atrofida turgan boshqa posbonlarning ham jazolanishini talab qilmoqda.

“Xalqimga qarshi zug’um ko’pdan beri davom etadi. O’zgarishlar vaqti keldi. Quruq gapdan nariga o’tmasak, hech narsa o’zgarmaydi”, - deydi minneapolislik namoyishchilardan biri.

O’tgan payshanbadan beri Amerikaning 22 shahrida salkam 1700 odam zo’ravonliklarda ayblanib hibsga olindi. O’nlab idoralar yonib kul bo’ldi, politsiyachilar jarohat oldi, bir necha namoyishchi nobud bo’ldi.

Politsiya zo’ravonligi va irqchilikka qarshi namoyishlar nafaqat AQSh, balki Kanada, Yangi Zelandiya, Londonga ham tarqaldi.

“Qora tanli va rangli odamlarni asrlar davomida zo’rlab, o’ldirib kelishgan. Ahvol yomonlashmoqda, sabr kosamiz to’ldi. Bizga quloq tutishmasa, ovozimizni yanada balandroq chiqaramiz. Natija bo’lmaguncha bas qilmaymiz. O’zgarishlar vaqti keldi”, - deydi londonlik namoyishchi.

Minnesotadan Kongressga saylangan musulmon qonunchi Ilhan Umar keng qamrovli islohotlarga chaqirmoqda.

“Mamlakatdagi bu notinchliklar shunchaki bir odamning o’limiga javob emas. Ko’plab odamlar bunday muomalaga, tizimimizdagi adolatsizlikka guvoh bo’ladi”, - deydi u.

Prezident Donald Tramp tinch namoyishlarni olqishlayman, ammo qonunsizlik va vayronagarchiliklarga jim qarab turmayman, dedi.

“Isyonchilar, talonchilar, anarxistlar Jorj Floyd xotirasini oyoqosti qilmoqda. Zo’ravonlik va buzg’unchilikka bosh bo’lgan “Antifa” va boshqa radikal so’l qanot guruhlar begunoh odamlarni qo’rqitib, bizneslarga zarar yetkazmoqda, imoratlarni yoqmoqda”, - dedi Tramp.

Prezidentning milliy xavfsizlik maslahatchisi Robert Obrayen Federal qidiruv byurosi “Antifa” tashkilotini tergov qilib, zo’ravonlarni tinch namoyishchilardan ajratishda yordam berishi kerak, deydi.

“Ko’chaga chiqib namoyish qilish – odamlarning huquqi. Amerika shunisi bilan ko’plab davlatlardan farq qiladi. Ammo kurmakni guruchdan ajratib qo’yish kerak”, - dedi u.

Odatda inson huquqlari masalasida AQShdan dakki eshitadigan Xitoy bu gal hujumga o’tdi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Jao Lijianning aytishicha, AQSh siyosiy ta’qiblar va irqiy kamsitishlarni bas qilishi zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG