Oq uy tashqarisida namoyish bo’layotgan bir paytda AQSh Prezidenti Donald Tramp ichkaridan xalqqa murojaat qildi. Uning aytishicha, mamlakat bo’ylab irqchilikka qarshi bo’layotgan namoyishlarda terror harakatlari sodir etilmoqda.
Tramp o’zini “qonun va tartib prezidenti” deb atab, g’alayon va qonunsizlikni tugatishda shtat va shahar ma’murlari ojizlik qilsa, harbiylarni safarbar etishini aytdi.
“Bugun har bir gubernatorga Milliy Gvardiya qo’shinlarini zarur miqdorda jalb qilib, ko’chalarda hokim bo’lishni qattiq tayinladim. Merlar va gubernatorlar zo’ravonliklar tinmaguncha huquq-tartibot idoralari vakillarini katta sonda ko’chaga olib chiqishi kerak. Agar birorta shahar yoki shtat aholi mulki va hayotini himoya qilish uchun zarur choralarni ko’rishdan bosh tortsa, men muammoni tez hal qilish uchun AQSh qurolli kuchlarini u yerga kiritaman”, - dedi Tramp.
Murojaatdagi jangovar ohangga qaramay, Tramp “Isyon haqidagi qonun”ni harakatga keltirmadi. 1807-yilda qabul qilingan hujjat davlat rahbariga gubernator iltimosisiz shtatlarga muntazam qo’shinlarni kiritish huquqini beradi.
25-may kuni Minneapolis shahrida oq tanli politsiyachi Jorj Floyd ismli qora tanlining qo’liga kishan solib, uni yerga yotqizadi va sakkiz daqiqadan ko’p vaqt davomida tizzasini bo’yniga tirab turadi. Natijada Floyd jon beradi. Mamlakat bo’ylab irqchilik va politsiya zo’ravonligiga qarshi namoyishlar boshlanib ketadi. Ba’zi joylarda tinch namoyishlar zo’ravonlik, talon-tarojga aylanib ketmoqda.
Floyd ko’rmagan adolatni tiklashga va’da bergan Tramp o’z murojaatida irqchilik yoki politsiya zo’ravonligini tilga olmadi.
Noyabrda bo’ladigan saylovlarda Demokratik partiyadan nomzod bo’lishi kutilayotgan sobiq vitse-prezident Jo Bayden Trampni irqiy nizolarni qo’zg’ashda aybladi. Bayden dushanba kuni Delaver shtatida afro-amerikalik diniy yetakchilar bilan ko’rishdi.
“Adovat panaga kiradi, butunlay yo’qolmaydi. Amali bor odam toshlar ostiga sig’ingan adovatni qo’zg’atsa, u toshlar ostidan chiqib keladi. Prezidentning har bir gapi muhim”, - dedi Bayden.
Irqchilikka qarshi namoyishlar dunyoning boshqa mamlakatlariga ham tarqaldi. Shvetsiya poytaxti Stokgolmda bir nechta odam Jorj Floydning o’limiga norozilik bildirib, ko’chaga chiqdi.
“Qora tanli odamlar tanasining rangi uchun o’ldirilayotganini ko’rishdan to’ydim”, - deydi ota-onasi Chilidan siyosiy qatag’onlar sabab qochgan 46 yashar Klaudia Monte.
Avstraliyada 3000 ga yaqin odam Sidney markaziga chiqib, AQShdagi namoyishlar bilan birdam ekanini bildirgan. Namoyishchilar Avstraliyada ham irqchilik muammo ekanini aytgan.
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borel Jorj Floyd o’limini qoralab, kuch ishlatar tizimlarning vakolatini suiiste’mol qilish va haddan tashqari kuch ishlatish amaliyotidan voz kechishga chaqirdi.
Las-Vegasda namoyishchilarni tarqatayotgan politsiyachilardan biriga o’q uzilgani xabar qilinmoqda. So’nggi uch tunda 338 odam hibsga olingan. Politsiya namoyishchilarga qarshi ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llamoqda.
AQShning Kolorado shtatida Denver politsiya mahkamasi boshlig’i namoyishchilarga qo’shilib, mahalliy qonunchilik kengashi binosi yonidan o’tdi.
Missuri shtatining Sent-Luis shahrida kunduzi tinch boshlangan namoyish tunda tartibsizliklarga aylanib ketdi. Olomon shahar markazida imoratlarga o’t qo’ydi, oynalarni sindirib, talon-taroj bilan shug’ullandi.
“O’g’rilik, vayronagarchiliklarning namoyishlarga nima aloqasi bor? Bu odamlar shunchaki o’g’rilik, birovlarning mulkini vayron qilish, odamlarga ozor berish uchun chiqqan”, - deydi Sent-Luis politsiyasi boshlig’i Jon Xeyden.
Tartibsizliklar paytida to’rt politsiyachi yaralangan.
Facebook Forum