Shu kungacha Prezident Trampni tanqid qilishdan bosh tortib kelgan sobiq mudofaa vaziri Jeyms Mattis davlat rahbarini Amerikani bo’lib qo’yishga harakat qilayotganlikda va namoyishlarni bostirish uchun harbiylarni jalb qilmoqchi bo’layotganlikda aybladi.
Iste’fodagi general Mattis harbiy doiralarda hurmatga sazovor arbob bo’lib, Tramp bilan uning siyosati bo’yicha chiqisha olmay ikki yillik xizmatdan so’ng 2018-yilda vazirlikdan ketgan edi.
“Donald Tramp men ko’rgan prezidentlar orasida Amerika xalqini birlashtirishga harakat qilmayotgan birinchi rahbardir. Hatto nomiga bo’lsa ham bu ishni qilmayapti”, - dedi Mattis “Atlantika” jurnalida chop etilgan bayonotida.
Mattis Trampni konstitutsiyaga tahdid deb atadi.
“Vashingtonda ko’rganimiz kabi namoyishlarga munosabatni harbiy yo’l bilan bildirish harbiylar va fuqarolik jamiyati o’rtasida mojaro, soxta mojaroni keltirib chiqaradi”, deb yozadi sobiq vazir.
Tramp “Twitter” orqali Mattis bayonotiga fikr bildirarkan, uni dunyoning eng ortiqcha baholangan generali deb atadi.
“Uning rahbarlik usulini yoki o’zini yoqtirmaganman va ko’p odamlar bu fikrimga qo’shiladi. Ketganiga xursandman” – deb yozdi Tramp.
Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Mattisning keskin so’zlaridan so’ng boshqa harbiylar va faxriylar ham Trampni tanqid qilishga jur’at etishi mumkin.
Mattis shu kungacha Trampni ko’plab intervyularida tanqid qilishdan bosh tortib kelayotgan edi.
Facebook Forum