16-iyun kuni Prezident Donald Tramp Oq uyda politsiyachilar va huquq himoyachilarini to'pladi.
"Amerikaliklar uchun qonun va tartib hamma narsadan ustun. Xalqimizning talabi shu. Buni biz har kuni his qilib turamiz. Ular bizga aytmasa ham bilamiz. Ular balki sezmas buni, lekin biz anglab turamiz. Politsiyasiz yashay olmasligimizni ham bilishadi. Huquq e'zozlanishi uchun politsiya kerak", - deydi prezident.
Oq uy politsiya zo'ravon deya noligan ommaning dardiga befarq emas.
"Yig'ilganlarga rahmat aytaman. Amerikada yashaydigan har bir irq va din vakili qonun oldida teng. Teng huquqli. Huquq-tartibot xodimlari va mahalliy yetakchilar oldida tarixiy bir hujjatga imzo chekib, uni amalga oshira boshlaymiz", - dedi Prezident Tramp politsiya islohotiga doir farmonini tanishtirar ekan.
Farmonning chiqishida norozilik namoyishlari va ayniqsa politsiya qo'lida vafot etgan amerikaliklarning oilalari anduhi muhim rol o'ynadi, deya tan oladi rasmiylar. Tramp marhumlarning ism-sharifini tilga olar ekan, Minnesota shtatida 25-may kuni politsiya hibsga olayotganida jon bergan Jorj Floyd taqdiriga alohida to'xtalmadi.
"Juda achinarli... Har bir oilaga aytamanki, biz siz bilanmiz, hardardmiz. Yaqinlarimiz bekorga o'lib ketdi, deya o'kinmang",- dedi prezident.
Amerika bo'ylab har yili yuzlab odamlar politsiya o'qidan yoki biror boshqa sabab bilan politsiya qo'lida nobud bo'ladi.
Prezident Tramp bu muammoni qayd etar ekan, murosa qilmay iloj yo'q, deydi.
"Politsiyaga mablag' ajratmaslikka, uni tarqatib yuborishga chaqirayotganlar nahotki bilishmaydi: mamlakatda jinoyat ko'lami hozir yaqin o'tmishdagi eng past darajada. Politsiya mahalliy xavfsizlik va huquq-tartibot uchun mas'ul", - deydi Tramp.
Yangi farmon politsiyaga odamning nafasini qisish kabi harakatlarni man etadi. Politsiyachining hayoti bevosita xavf ostida bo'lganidagina favqulodda chora ko'rish mumkin. Tizimda o'zboshimchalikka toqat qilinmaydi.
Farmon mas'uliyat va javobgarlikni oshirishni buyuradi. Zo'ravonlik qilgan politsiyachilar ro'yxati bo'ladi va bunday ayblar bilan ishdan olinganlar qayta yollanmasligi uchun serqirra choralar ko'riladi.
Politsiyaga qarshi namoyishlarga chiqib turgan va Oq uyni xalq dardiga befarqlikda ayblayotgan amerikaliklar mahalliy hokimiyatlar va Kongressdan uzoq muddatli choralar kutmoqda.
Facebook Forum