Energiya zahiralari uchun kurash doirasida Turkiya va Gretsiya o’rtasidagi tanglik tobora ortib bormoqda. Turkiyaning O’rta yer dengizi sharqida burg’ilash ishlarini davom ettirayotgani Gretsiyani g’azablantirgan. Har ikki tomon ham territorial huquqlarini himoya qilishini bildirgan. NATOga a’zo ikki qo’shni davlatning harbiy dengiz floti shay holga keltirilgan.
15-iyun kuni Gretsiya matbuoti Turkiya Krit orollari yaqinida burg’ilash ishlarini davom ettirsa, Afina kuch ishlatishga majbur bo’lishini ma’lum qilgan.
Anqara burg’ilash Liviyaning jahon hamjamiyati va BMT tan olgan hukumati bilan 2019-yilda imzolangan bitim asosida amalga oshirilayotganini bildirmoqda. Hujjatga ko’ra, Turkiya o’zini O’rta yer dengizi sharqida energiya manbalarini izlashga haqli deb biladi. Biroq Afina nazdida, bitim ayrim Gretsiya orollarining hududiy daxlsizligiga tahdid solmoqda. Bu hududdagi energiya zahirasi esa Gretsiya mulki.
14-iyun kuni chop etilgan bayonotida Gretsiya Tashqi ishlar vaziri Nikos Dendias Turkiya pozitsiyasini qoralagan. Diplomat “Gretsiya o’z suveren huquqlarini himoya qilishga tayyor” ekanini ma’lum qilgan.
Anqara Afinaning ogohlantirishlarini inobatga olmayapti. Turkiya hukumati vakili Omar Chelik Gretsiyaning harbiy to’qnashuv borasidagi bayonotlarini “o’xshovsiz hazil” deb atadi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an mamlakat pozitsiyasiga oydinlik kiritdi.
“Gretsiya o’zini qo’lga olib, o’rnini bilib olsin. Haddini bilmasa, Turkiya qanday yo’l tutishi ma’lum”, - dedi u.
Turkiya Mudofaa vaziri Xulusi Akarga ko’ra, harbiy to’qnashuv yuz bermaydi.
“Matematik aniqlik bilan aytishim mumkinki, Gretsiya Turkiyaga qarshi urushga kirishni istamaydi”, - dedi Akar.
Zotan, qarama-qarshi bayonotlar ikki tarixiy raqib o’rtasida qayd etilgan yangi hodisa emas. Biroq tahlilchilar voqealar rivoji keskin tus olishidan ogohlantirmoqda.
Qo’shma Shtatlar Turkiyaning Gretsiya bilan aloqalari izdan chiqishidan xavotirlanib, Turkiyani O’rta yer dengizidagi bahsli suvlarda burg’ilash ishlarini to’xtatishga undamoqda.
Facebook Forum