Breaking News

Xitoyning uyg'urlarga nisbatan siyosati genotsidmi?


Gonkongdagi namoyishlarda uyg'urlar tarafini olib chiqqan fuqarolar
Gonkongdagi namoyishlarda uyg'urlar tarafini olib chiqqan fuqarolar

AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasi (USCIRF) Xitoyning uyg'urlarga nisbatan repressiv siyosati xalqaro qonunlarga ko'ra genotsid deya baholanishi mumkin deya ogohlantirmoqda.

“Bir narsa oydek ravshan: Xitoy hukumati, xususan Kommunistik partiya siyosati uyg'ur, qozoq va boshqa turkiy hamda musulmon aholining ko'payishining oldini olishga qaratilgan", - deydi komissiya a'zosi Nuri Turkel.

"Davlat departamenti bu masalani o'rganib chiqishi va Pekin tutgan yo'l Geneva konvensiyasida genotsid deya ta'riflangan holatga mos kelish-kelmasligini aniqlashi kerak", - deya undamoqda Turkel.

"AQSh, shuningdek, BMTda bu borada rezolyutsiya loyihasi tanishtirib, Xitoyning uyg'urlar va boshqa musulmonlarga nisbatan zulmini qoralashi va jazo choralarini taklif qilishi lozim", - deydi ekspert.

Komissiya hisobicha, 2017-yildan beri Xitoyda bir milliondan oshiq uyg'ur, qozoq va turkiy elatlaridan bo'lgan boshqalar hibsga olingan, soqol qo'ygani yoki boshini o'ragani uchun jazolangan.

Ko'p bolali oilalar ham hukumat nishonida ekanini isbotlovchi hujjatlar bor; ayollarni sterilizatsiya qilish hollari kengaygan, tug'ilishni cheklash uchun keskin choralar ko'rilayotgani aniq, deydi Turkel. Shinjonda, komissiyaga ko'ra, tug'ilish o'tgan yili 24 foizga kamaygan. Uyg'urlar islomdan chiqib, xitoy tilini o'rganishga majburlanayotgani haqida ma'lumotlar talay, deyiladi komissiya bayonotida.

Yaqinda AQSh Kongressi uyg'urlarni Xitoy zulmidan himoya qiluvchi qonun qabul qildi. Prezident Tramp unga imzo chekib, hujjat kuchga kirgan. Komissiya bu qonun amaliyotini tezlashtirishga chaqirmoqda.

Xitoy hukumatiga ko'ra, uyg'urlar boshqa elatlar singari mamlakatda erkin va farovon yashamoqda. Ularga zulm ostida degan iddaolar asossiz va uydirma, deydi Pekin rasmiylari. AQShdagi yangi qonun Xitoy hukumati tomonidan Vashingtonning nayrangbozligi deya baholangan.

Shinjon rivojlanmoqda, xavfsizlikni ta'minlash uchun choralar ko'rilmoqda, lekin uyg'urlar yoppasiga azoblanmoqda degan xulosa tuhmat, deya bildiradi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG