Breaking News

Tramp Janubiy Dakotada so'lchilarni nishonga oldi


Saylovga hozirlik ko’rayotgan Prezident Donald Tramp 4-iyul Mustaqillik kunida Janubiy Dakota shtatiga borib keldi. Amerikaning to’rt sobiq prezidenti qiyofasi tushirilgan Rashmor tog’i uzra mushaklarni tomosha qilish uchun minglab odam to’plandi.

Xalqaro hayot – 6-iyul, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:14 0:00

Prezident Tramp tog’ bag’rida o’rnatilgan minbardan murojaat qilib, qonun va tartib haqida gapirdi, tarafdorlarini bosh ko’tarayotgan ultra so’l fashizmga qarshi turishga chaqirdi.

“Bu xavfli harakatni fosh etib, farzandlarimizni himoya qilamiz, amerikacha hayot uslubini saqlab qolamiz”, - dedi Tramp.

Tramp mamlakat bo’ylab irqchilik va politsiya zo’ravonligiga qarshi bir necha oy kuzatilgan namoyishlarning bir qismini hamda Amerika Fuqarolar urushi paytida quldorlik tuzumini himoya qilgan janub arboblari xotirasiga o’rnatilgan haykallarning yiqitilishini qoralagan.

“Mana bu yodgorlikning tahqirlanishiga, bu qahramonlarimizning obro’sizlantirilishiga yo’l qo’ymaymiz. Ularning merosi hech qachon yo’q qilinmaydi. Ularning yutuqlari xotiramizdan o’chmaydi. Rashmor tog’i ota-bobolarimiz va erkinligimizga adabiy hurmat ramzi sifatida hamisha qad ko’tarib turadi”, - dedi Tramp.

“Trampning Rashmor tog’iga borishining bir ramziy ma’nosi shuki, u tarafdorlariga murojaat qilib, “agar sizga yodgorliklarga qarshi hujumlar yoqmayotgan bo’lsa, eng kattasi va eng pishig’iga borib, uni o’z himoyamga olaman” demoqchi”, - deydi Vanderbilt universitetidan Vanessa Bizli.

Tramp so’lchilarni tartibsizliklarni qo’zg’atuvchi va mamlakatni totalitarizm tomon boshlovchi “g’azablangan to’da” deb atadi.

“Bizga zulm qilishlariga, bizni xo’rlashlariga, yomon, yovuz odamlar bizni qo’rqitishiga yo’l qo’ymaymiz”, - dedi Tramp.

Tramp tanqidchilari uning nutqini bo’lginchi deb atadi. Saylovgacha to’rt oy qolarkan, Tramp umummamlakat reytinglarida, kurash murosasiz kechishi kutilayotgan shtatlar va, hatto tarixan konservativ deb hisoblangan Missuri va Texas kabi shtatlardagi reytinglarda demokratlardan nomzod Jo Baydendan ortda qolmoqda.

“Tramp saylov kampaniyasi izdan chiqqan. Buni nafaqat reytinglardan ko’rsa bo’ladi. Respublikachilar orasida unga qarshi qattiq gapirayotganlar bor”, - deydi Jorj Vashington universitetidan Maykl Kornfild.

So’nggi ijtimoiy so’rov natijasiga ko’ra, Tramp Baydendan 10 foiz ortda qolgan. Biroq 2016-yilda Tramp reytinglarda peshqadam bo’lgan Xillari Klintonni mag’lub etgan edi.

“Saylovgacha vaqt ko’p hali. 2020-yil o’ta beqaror yil ekanini ko’ryapmiz. Ammo shu on prezidentning ishi chatoq. Tepalikka qarab chiqib ketayotganga o’xshaydi”, - deydi saylovchilar xulqini o’rganuvchi guruh vakili Robert Griffin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG