Breaking News

Amerika tub aholisi pandemiya davrida qanday yashamoqda?


Pandemiya davrida Amerika tub aholisi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:49 0:00

AQShning tub aholisi orasida ishsizlik boshqa amerikaliklarga qaraganda ancha yuqori. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasidan ular ko’proq aziyat chekmoqda. “Navaxo” qabilasi shulardan biri.

Yuta va Arizona shtatlari tutashgan joyda Yodgorliklar vodiysi bor. Bu yerdagi mashhur tosh qoyalar Navaxo-Neyshen qo’riqxonasining gultoji hisoblanadi.

AQShda tub aholiga tegishli eng katta qo’riqxona bo’lgan bu hudud so’nggi paytlarda huvillab qoldi.

“Har yili shu payt bir kunda ming-minglab odam kelardi. Pandemiya tufayli hamma parklarimiz yopildi”, - deydi shu yerda yashovchi Jonatan Nez.

Daromadini yo’qotgan mahalliy aholi ehson qilingan suv, oziq-ovqat va tozalik vositalari bilan kun o’tkazyapti.

“Hozir puli, ishi yo’q biz kabi oilalar uchun bu katta yordam”, - deydi Jamila Xolidey ismli ayol.

Jonatan Nezning aytishicha, federal hukumat yordami juda kech keldi.

“Ko’mak qonuni AQShdagi barcha fuqarolarga yordam ko’rsatish maqsadida qabul qilingan. Lekin bu o’lkaning ilk fuqarolariga o’z vaqtida e’tibor berilmadi”, - deydi u.

“Navaxo-Neyshen” qabilasi koronavirus pandemiyasidan katta zarar ko’rdi. Kasallanganlar soni mamlakatda eng yuqori darajada. So’nggi ikki oyda ular soni o’sishda davom etyapti.

Hudud kasalxonasida faqat bir doktor navbatda turibdi. Doktor Kiy kasallariga avtoturargohda masalahat bermoqda.

Dolli Krenk koronavirusga chalingan.

“Ertalab qo’ng’iroq qildim. O’zimni yomon his qilayotgan edim. Yo’talim kuchaydi, nafas olishim qiyinlashyapti”, - deydi u.

“Aholi orasida qandli diabet, yurak qon-tomir kasalliklari, semizlik yuqoriligi, qolaversa, uylar kichkina bo’lgani bois virusning ta’siri jiddiy sezilyapti”, - deydi shifokor Vendel Kiy.

Hududi Irlandiyaga teng bu yer tub aholining suveren mulki hisoblanadi.

Aholining kamida 30 foizida oqar suv yo’q. Ko’plab oilalar suvni uzoqdan tashiydi. Amanda Larson va uning uch farzandi har borganda idishlarni suvga to’ldirib qaytadi.

“Har 2-3 kunda kelamiz. Qo’limizdagi barcha idishlarni suvga to’ldirib ketamiz”, - deydi Amanda.

U ovqat qilish, kir yuvish, bolalarini cho’miltirish uchun suvni tejab ishlatishga majbur.

“Bolalarimni har ikki kunda cho’miltirardim. Pandemiya bois hozir deyarli har kuni cho’milishadi. Bolalarim uchun xafa bo’laman, yuragim eziladi”, - deydi Amanda.

Pandemiya tub aholi madaniyati uchun ham zarba bo’ldi.

Hindu qabilalari o’z bilim va madaniyatlarini asrlar osha yangi avlodga og’zaki uslubda o’tkazib kelgan.

Hozir oilaviy yig’inlar yo’q, natijada tarix boy berilishi haqida xavotirlar kuchli.

“Ajdodlarimiz donishmand bo’lgan. Ular bilimni o’zlari bilan saqlagan”, - deydi Navaxo yetakchilaridan biri Emerson Gorman.

Navaxo oilalari keksalarning sog’ligi uchun ibodat qilib, qo’shiq kuylamoqda.

Amerika g’arbidagi bepoyon hududda tub aholi sinovli kunlarni boshdan o’tkazmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG