Breaking News

AQSh: Pekinning Janubiy Xitoy dengizidagi da'volari "mutlaqo noqonuniy"


AQShning "USS Nimitz" avianosetsi Janubiy Xitoy dengizida, 2020-yil, 7-iyul
AQShning "USS Nimitz" avianosetsi Janubiy Xitoy dengizida, 2020-yil, 7-iyul

Qo'shma Shtatlarning ta'kidlashicha, Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi bir qator hududlarga egalik da’vosi, shuningdek, ularni nazorat qilishga bo’lgan urinishlari "mutlaqo noqonuniy".

Ba'zi ekspertlarning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Vashington to'rt yil oldin Gaagadagi Doimiy arbitraj sudi shu masalada chiqargan qarorni ilk bor ochiqchasiga qo’llab-quvvatlamoqda.

"Xitoy mintaqaga bir tomonlama o’z xohishini o’tkazishi uchun hech qanday qonuniy asos yo'q", - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo dushanba kuni qilgan murojaatida.

Natuna orollari shimolidagi 3,5 million kvadrat kilometrlik Janubiy Xitoy dengizi hududlari ustida Xitoy Bruney, Malayziya, Tayvan, Vyetnam va Filippin bilan talashmoqda.

Xitoy sulolalar davridagi hujjatlarga asoslangan “to’qqiz chiqizli liniya” xaritasi asosida mintaqadagi baliqchilik va qazilma yoqilg'i zaxiralariga boy hududlarning 90 foizi o’ziga tegishli ekanini da’vo qilmoqda. To'qqizta chiziq ba'zi mamlakatlarning eksklyuziv iqtisodiy zonasini ham kesib o’tadi.

Gaagadagi Doimiy arbitraj sudi 2016-yil 12-iyulda qabul qilgan majburiy qarorda Xitoyning bu dengiz da'volari xalqaro huquqqa zid ekani aytilgan. Pekin sud hukmini tan olmagan.

AQSh Janubiy Xitoy dengizida hudud talashayotgan tomonlarni xalqaro huquqqa rioya qilgan holda tinch yo’l bilan murosa qilishga chaqirib keladi. Vashington Gaaganing 2016-yilgi qarorini "yakuniy va majburiy" deb qo'llab-quvvatlagan bo'lsa-da, ekspertlarga ko’ra, Davlat departamentining dushanba kungi bayonoti xitoyliklarning noqonuniy xatti-harakati alohida qayd etilgani bois 2016-yilgi qaror xulosasini tasdiqlash yo’lida tashlangan yana bir qadamdir.

Bayonotda aytilishicha, Xitoy Skarboro qoyalari va Spratli orollari ustidan da’volarini, shuningdek, baliqchilik va boy energiya manbalariga egaligi bilan tanilgan Mischif va Tomas qoyaliklari bo’yicha egalik huquqlarini qonuniy yo’l bilan tasdiqlab bera olmaydi.

"Bu bayonot boshqalar tomonidan Xitoy mavqeini keskinroq tanqid qilishga yo'l ochadi. Yevropaliklar kabi xalqaro sheriklar ham panadan chiqib, aniq qarashini bildirishga majbur bo’ladi", - deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi qoshidagi Osiyo dengiz shaffofligi tashabbusi direktori Greg Poling.

AQShga ko’ra, Xitoy Vangard sohili (Vyetnam yaqinida), Lukonia tepaliklari (Malayziya yaqinida) atrofidagi suvlar, Bruney yaqinidagi va Natuna Besar (Indoneziya yaqinida) atrofidagi suvlar ustidan egalikni da’vo qilishga haqli emas.

Xitoyning Malayziyadan atigi 50 dengiz mili narida joylashgan Jeyms tepaliklari ustidan da’vosi ham noqonuniy, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Poling so'zlariga ko'ra, AQSh dengiz huquqi masalasida Janubi-Sharqiy Osiyodagi da’vogar davlatlar va xalqaro hamjamiyat qarashlarini qo’llab quvvatlaydi. Ammo suverenitet masalasida Amerika betaraflikni saqlamoqda, deydi u.

Amerika Qo'shma Shtatlari Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli orollar ustidan suverenitetga da'vogar bo'lmasa-da, Vashington turli tomonlarning da'volari tinch va xalqaro qonunlarga muvofiq hal qilinishi tarafdori.

Boshqa tahlilchilarga ko'ra, Vashingtonning dengizlar erkinligini ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlari Pekinning bahsli qarorlarini o'zgartirishga qodir emas.

"AQShning yangi bayonoti keskinroq yondashuvni bildirish uchun mo'ljallangan bo'lsa-da, AQShning 2016-yildagi arbitraj sudi qaroriga binoan yangi siysatini qanday muvofiqlashtirishi muhimroq masala, chunki yolg'iz signal berish bilan Xitoyning xatti-harakatlarini o'zgartirish dargumon”, - deydi Amerika Tinchlik instituti katta tahlilchisi Patrisiya Kim.

Harbiy kuch namoyishidan so'ng Pekin 1-iyul kuni Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan maslahatlashib, 2002-yildan beri ijroga kirmagan tartib bo’yicha muzokaralarni boshlashga tayyorligini bildirdi.

Pekinning bu qarori harbiy samolyotlarini Tayvan yaqinidagi dengiz ustidan kamida sakkiz marta uchirib, Malayziya va Vyetnam da'vo qilgan suv yo'liga tadqiqot kemalarini yuborganidan keyin e’lon qilindi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG