AQSh Tolibon bilan imzolangan shartnoma asosida Afg’onistondagi qo’shinlari sonini 8600 ga tushirdi, biroq toliblar zo’ravonliklarni kamaytirish haqidagi va’dasining ustidan chiqmayapti.
AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo’mondonligi rahbari general Kennet Makkenzining aytishicha, so’nggi paytda aholiga qarshi zo’ravonliklar kuchaygan.
“Tolibon AQSh yoki koalitsiyaning boshqa askarlariga hujum qilmayotgan bo’lsa-da, afg’onlar tobora ko’proq nishonga olinmoqda. Urushning eng zo’ravon, eng qonli pallasiga guvoh bo’lyapmiz”, - dedi u.
Afg’onistonning AQShdagi elchisi Roya Rahmoniy bu xulosaga qo’shiladi.
“Tolibon zo’ravonliklardan bosim sifatida foydalanishda davom etayotgani afsuslanarli hol va bu tinchlikka yetaklamaydi”, - deydi diplomat.
Fevral oyida Qatarda Tolibon rahbarlari bilan bitim imzolagan AQSh maxsus elchisi Zalmay Xalilzod barcha tomonlarni zo’ravonliklarni kamaytirishga, Tolibonni esa markaziy hukumat bilan muzokaralarni boshlashga chaqirmoqda.
Tahlilchilar Tolibon bergan va’dasining ustidan chiqmayotganini aytadi.
“Afg’on guruhlari bilan muloqotni boshlash, Afg’oniston hukumati bilan muzokaralarni boshlash – bularni ko’rmayapmiz. Tolibon al-Qoida bilan aloqalarini muzlatishga ham va’da bergan edi, biroq bunga ham biror isbot ko’rganimiz yo’q. Bundan tashvishdamiz”, - deydi Vashingtondagi Vilson tahlil markazidan Maykl Kugelman.
Tahlilchi afg’onlar o’rtasidagi muloqot ertami kech boshlanishiga shubha qilmasligini, ammo bu qachon bo’lishini bilmasligini aytadi. Kugelmanning xavotiri shundan iboratki, agar muzokaralar AQShning aksariyat yoki barcha qo’shinlari Afg’onistonni tark etishidan oldin boshlanmasa, Tolibon Kobuldagi hukumat bilan jiddiy muloqot qilishga qiziqmasligi va hokimiyatni kuch bilan olishga harakat qilishi mumkin.
Facebook Forum