Breaking News

AQSh uyg'urlar masalasida Xitoy kompaniyasini jazoga tortdi


Shinjon viloyati uyg'urlari, 2019-yil, 13-sentabr
Shinjon viloyati uyg'urlari, 2019-yil, 13-sentabr

Qo'shma Shtatlar juma kuni Xitoyning Shinjon viloyatidagi bir yirik kompaniyaga va uning ikki rasmiysiga iqtisodiy sanksiyalar e’lon qildi. Bu chora uyg'urlar va boshqa etnik ozchilik elatlarga nisbatan inson huquqlari buzilishi davom etayotgani uchun amalga oshirilgan.

Ushbu harakat Prezident Donald Trump Xyustondagi Xitoy konsulligini yopish haqida buyruq chiqarishidan bir hafta o'tib sodir bo’ldi. Pekin ham AQShning Chengdu shahridagi konsulligini yopishga qaror qilgan.

AQSh Moliya vazirligi o'z bayonotida XPCC nomi bilan tanilgan Shinjon ishlab chiqarish va qurilish korpusini, XPCC sobiq partiya kotibi Sun Jinlongni hamda XPCC partiyasi kotibi o'rinbosari Peng Jiaruyni jazoga tortgan.

"Xitoy Kommunistik partiyasining Shinjonda uyg'urlar va boshqa musulmon ozchiliklarga nisbatan inson huquqlarini buzib kelayotgani “asr dog'i”dir", - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo o'z bayonotida.

Xitoy hukumati ozchilik guruhlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo’lganini rad etadi va uyg'urlar tutqunlikda saqlanayotgan lagerlar aslida kasbiy tayyorgarlikni ta’minlash va ekstremizmga qarshi kurashish maqsadida ochilganini aytadi.

Vashington qabul qilgan so’nggi chora ortidan kompaniya va uning ikki mansabdor shaxsiga qarashli AQShdagi barcha aktivlar muzlatiladi, amerikaliklarga ular bilan aloqa qilish taqiqlanadi hamda Sun Jinlong va Peng Jiaruyning AQShga kirishiga ruxsat berilmaydi.

O'zini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan AQSh rasmiylaridan birining aytishicha, jazoga tortilgan kompaniya "Xitoy Kommunistik partiyasining bevosita nazorati ostida turli xil vazifalarni bajaradigan maxfiy, harbiylashgan tashkilotdir".

"Ular partiyaning keng qamrovli nazorat qilish, hibsga olish va targ'ibot ishlarini amalga oshirishda bevosita ishtirok etadi. Bu yo’l bilan ular Shinjondagi uyg'urlar va boshqa etnik ozchilik vakillarini nishonga olishini bilamiz", - dedi rasmiy.

Yaqinda Vashington Shinjon Kommunistik partiyasi kotibi, Xitoyning qudratli Siyosiy byurosi a'zosi, ayni paytda XPCC birinchi partiya kotibi Chen Quanguoga, Shinjon Jamoat xavfsizligi byurosiga hamda boshqa viloyat rasmiylariga ham jazon choralarini e’lon qilgan edi.

Yangi Amerika xavfsizlik markazi eksperti Piter Xarrellning aytishicha, iqtisodiy nuqtai nazardan, juma kuni e’lon qilingan sanksiyalar AQSh bosimining jiddiy tus olganini va bu Xitoyda faoliyat yuritayotgan kompaniyalarga ogohlantirish ekanini anglatadi.

"Trump ma'muriyati nihoyat mazmunli sanksiyalarni qabul qildi. Avvalgi ramziy choralardan farqli o'laroq, bu Shinjonga oid aniq harakat", - dedi Xarrell.

XPCC 1954-yilda tashkil etilgan yarim harbiy guruh hisoblanadi. U harbiy xizmatdan ozod qilingan askarlardan tashkil topgan va viloyatning qurg'oqchil yerlarida dehqonchilik xo’jaliklarini tashkil qilish bilan shug’ullangan.

Keyinchalik sharqiy Xitoyning oddiy fuqarolari ham korpusga qo'shildi. Hozir uning a’zolari soni 3,11 million kishidan ortiq. Bu mintaqa jami aholisining 12 foizdan ko'prog'ini tashkil qiladi. Uyg'ur musulmonlari yashaydigan mintaqada tashkilot a’zolarining deyarli barchasi xan xitoylaridan iborat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG