Breaking News

Suriyadan AQShga neft eksport qilinadi


Suriyada neft konini qo'riqlayotgan AQSh harbiy mashinasi. 28-oktabr, 2019.
Suriyada neft konini qo'riqlayotgan AQSh harbiy mashinasi. 28-oktabr, 2019.

AQSh kompaniyasi Suriyaning shimoli-sharqiy hududini nazorat qilayotgan kurdlar harakati bilan neft savdosi bo’yicha bitimga erishdi. Kelishuvga ko’ra, Suriya Demokratik kuchlari (SDK) nomi ostida birlashgan kurdlar neftni qayta ishlab, AQShga eksport qiladi.

Kurdlar rasmiysining bildirishicha, bitim AQSh hukumatining tasdig’idan o’tgan.

“Kelishuvga ko’ra, Suriyaning shimoli-sharqida qiymati 150 million dollarga teng neftni qayta ishlash zavodi quriladi. Neft hududdagi uchta konda qazib olinadi”, - dedi shaxsini sir tutish talabi bilan “Amerika Ovozi”ga xabar bergan kurd rasmiysi.

Suriyada neft konlari
Suriyada neft konlari

Shartnomani AQShning “Delta Crescent Energy LLC” kompaniyasi imzolagan. “Amerika Ovozi” kompaniya rasmiylaridan ma’lumot olishga erisha olmadi.

Bitim haqidagi xabar dastlab AQSh Davlat kotibi tomonidan o’tgan haftada Kongress tinglovida berilgan edi.

Senator Lindsi Gremning savoliga javob berar ekan, Mayk Pompeo Oq uy bitimni qo’llab-quvvatlashini, shartnoma Suriyaning shimoli-sharqidagi neft konlarini modernizatsiya qilishga xizmat etishini ta’kidlagan.

“Bitimga erishish kutilganidan uzoqroq vaqt talab qildi. Ayni damda uni amalga tatbiq etayapmiz”, - dedi Pompeo.

Suriyaning neft zahirasiga boy bo’lgan shimoli-sharqiy hududini “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda AQShning muhim sherigiga aylangan SDK nazorat qiladi.

Suriya shimolida harakatlanayotgan AQSh kuchlari. 26-oktabr, 2019.
Suriya shimolida harakatlanayotgan AQSh kuchlari. 26-oktabr, 2019.

AQSh kuchlari 2019-yilning oktabrida Suriya shimoli-sharqidan qisman vatanga qaytarilgan edi. Mamlakat rahbari Donald Tramp Suriyada qolgan AQSh kuchlari neft konlarini himoya qilishga xizmat qilishini ta’kidlagan edi.

Vashington Prezident Bashar Assad tuzumi bilan neft savdosi bo’yicha hamkorlik qilgan tomonlarni sanksiyalar vositasida jazolab keladi. Kurd kuchlari bilan tuzilgan bu shartnoma esa AQSh kompaniyasi uchun sanksiyalarga doir hech qanday xavf uyg’otmaydi.

“Agar shartnoma chindan ham mintaqani rivojlantirishga qaratilgan bo’lsa, bu yaxshi xabar. Biroq bitim yuridik asosga ega emas. Uni Turkiya, Damashq, Iroq yoki Rossiya ham quvvatlayotgani yo’q”, - deydi Oklaxoma universitetining Yaqin Sharq markazi direktori Joshua Lendis.

“Kurdlar AQSh quvvatlovisiz mintaqada o’z nazoratini uzoq saqlab qololmaydi. AQSh Suriyani to’liq tark etsa (bilishimcha, bu yaqin yillarda yuz beradi), kurdlarni jamlagan elita o’z kuchini yo’qotishi mumkin”, - deya ta’kidladi olim.

SDKni tan olmaydigan Suriya hukumati bitimni qoralab, uni mamlakat neftini o’marish harakati deb atadi.

“Suriya hukumati ushbu shartnomani tan olmaydi. Bu isyonchi kurd harakatining AQSh mustamlakachilari qo’lidagi arzon qo’g’irchoq ekanini yana bir bor isbotladi”, - deya bayonot berdi Suriya Tashqi ishlar vazirligi.

Suriyaning Bashar Assad surati tushirilgan milliy valyutasi
Suriyaning Bashar Assad surati tushirilgan milliy valyutasi

Kurdlarni terrorchilar deb biladigan Turkiya ham bitimni tanqid qildi.

“AQShning bu harakatiga keskin qarshimiz. Vashington xalqaro huquq, Suriya suvereniteti va hududiy daxlsizligini oyoqosti qilib, terrorizmni moliyalashga hissa qo’shmoqda”, - deya bayonot berdi Turkiya Tashqi ishlar vazirligi.

Assad hukumatini qo’llab-quvvatlaydigan Eronga ko’ra, bitim “Suriya suverenitetiga tahdid”.

“Bu AQShning Suriya resurlarini o’marishga doir navbatdagi qadami”, - dedi Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Abbos Musaviy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG