Turkiyalik uyg’urlar so’nggi paytlarda bu mamlakatda Xitoyga qarshi fikr bildira olmayotganidan shikoyat qilmoqda.
Politsiya Xitoyda qamalgan bir uyg’ur oilasi a’zolarining surati tushirilgan futbolka kiygan odamlarni so’roqqa tutdi.
“Politsiyada bizga ketavering, ammo futbolkalarni teskari kiyib olinglar, deyishdi. Buni nafaqat nafsoniyatimizga, balki onalarimiz, birodarlarimizga haqorat deb bilamiz”, - dedi Istanbulda yashovchi Mirzaahmat Ilyoso’g’li ismli faol.
Turkiya ko’plab uyg’ur qochqinlarini bag’riga olgan, aksariyati shu azim shaharda yashaydi.
Shoir Abdurahim Imin Parach Xitoydan yetti yil oldin qochgan. Rafiqasi Xitoy lagerida saqlanmoqda. Adib Xitoyga qarshi tanqidlari uchun endi Turkiyada ham ta’qib etilishidan xavotirda.
“Restoranda o’tirganimda politsiyachilar kelib, meni mahkamaga olib ketishdi. Qo’limga hujjat tutqazib, imzo chekishimni so’rashdi. Unda mening Turkiyaga tahdid soluvchi tashkilotlarga a’zo ekanim aytilgandi. Men guruhlarning birortasini tanimayman, imzo chekmayman deb aytdim”, - deydi u.
Bir necha uyg’urning Xitoyga ekstraditsiya qilinishiga qarshi kurashayotgan advokat Ibrohim Erginning aytishicha, shoir Parachning ishiga o’xshagan voqealar ko’p uchraydi.
“Odamlarni birorta dalilsiz xorijiy terror jangarilariga aloqadorlikda ayblab olib ketishmoqda. Xitoy Turkiyaga katta bosim qo’yayotganini yaxshi bilamiz. Ichki va Tashqi ishlar vazirliklaridagi mutasaddilar 5-10 ta uyg’ur deportatsiya qilinsa, Turkiyaga iqtisodiy va siyosiy tomondan yaxshi bo’lishini aytishdi”, - deydi Ergin.
Sobiq bosh vazir Ahmat Dovuto’g’li Erdog’an hukumatini Xitoy bilan iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish maqsadida uyg’urlarni qurbon qilayotganlikda ayblaydi.
Prezident Rajab Toyib Erdog’an ushbu da’volarni inkor etarkan, Turkiya o’n minglab uyg’urga boshpana berganini aytadi.
Xitoyda uyg’urlarga qarshi zulm xorijiy matbuotda ko’p yoritilayotganiga qaramay, Erdog’an Pekinni tanqid qilishdan o’zini tiymoqda. Bu esa Parach kabi uyg’ur faollarini tashvishga solyapti.
“Amaldorlar sukut saqlamoqda, bu meni qo’rqityapti. Ertaga nima bo’lishini aytolmayman. Kelajagim mavhum zulmatda”, - deydi shoir.
Facebook Forum