AQShda Respublikachi va Demokratik partiyalar qurultoyida prezidentlikka nomzodlar rasman taqdim etilishi ketidan Donald Tramp va Jo Bayden endi 3-noyabrgacha bir necha bor televizion debatda bellashadi. Birinchi yuzma-yuz debat 29-sentabr kuni Ogayoning Klivlend shahridagi universitet binosida o’tkaziladi.
“Prezidentlikka ikki asosiy nomzod o’rtasidagi munozara shovqin-suron bilan o’tadi deb o’ylayman”, - deydi Texasdagi universitet professori Jennifer Merchiya.
Tahlilchi Baydenni ham, Trampni ham jangchi deya ta’riflaydi.
“Tramp odamlarni mazax qilishdan, ular bilan urushishdan tap tortmaydi. Buni 2016-yilda ko’rganmiz. Jo Bayden esa siyosatda ko’p debatlar qilgan. Pozitsiyasini tish-tirnog’i bilan himoya qiladi. 2012-yilda vitse-prezidentlikka nomzodlar o’rtasidagi debatda bunga guvoh bo’lganmiz. Bayden ham Trampga o’xshab raqibining ustidan kulgan”, - deydi professor.
AQShdagi debatlarda nomzodlar, asosan, boshlovchining savollariga javob berish bilan cheklanadi.
“Nomzodlarning javoblaridan ko’p ma’lumot olsa bo’ladi. Ularning qanday gapirishiga qarab, ohangiga qarab, qanday siyosat yuritishini eshitib. Bir-birining yuziga qarab turli ishlarda ayblashadi. Ayblovlarga qarshi o’zini himoya qilish imkoniga ega bo’lishadi”, - deydi Jennifer Merchiya.
Jon Kox Vanderbilt universitetida debatlar bo’yicha mutaxassis. Uning tushuntirishicha, debatlar matbuot anjumanlaridagi quruq bayonotlardan farq qiladi.
“Debatdan oldin ishtirokchilarga biror masala yoki vaziyat topshiriladi. Ular 30 daqiqa yoki undan ko’proq vaqt ichida o’z maslahatchilari bilan uni muhokama qilib, o’z pozitsiyasini belgilashi, tushuntirib berishi kerak bo’ladi. Eng so’nggida nega aynan shunday qarorga kelingani va qarorlarning sifati haqida debat qilamiz”, - deydi Kox.
2016-yilda prezidentlikka nomzodlar o’rtasidagi birinchi debatni 84 million amerikalik tomosha qilgan. Debatlar ko’p saylovchilar fikriga ta’sir qilmaydi, deydi mutaxassislar.
“Prezidentlik debatlari bo’yicha olib borilgan ko’plab izlanishlardan shunisi ma’lumki, jarayon odamlarga o’z nomzodini yanada yaqinroq tanish, qaysi nomzod ularning pozitsiyasiga yaqinroq ekanini ko’rish imkonini beradi. Biroq prezidentlikka nomzodlar o’rtasidagi debatlar saylovchilar fikrini keskin o’zgartirishiga dalillar ko’p emas”, - deydi Jon Kox.
“Debatlar o’z maqsadiga erishishi uchun auditoriya avvalambor munozarani xolis qabul qilishi zarur”, - deydi professor Merchiya.
Ommaviy so’rovlardan ma’lum bo’lishicha, 2016-yilda ovoz berganlarnig 10 foizi debatlar paytida yo keyin saylovda qatnashishga qaror qilgan.
Facebook Forum