AQSh hukumatining O’zbekistondagi sarmoya muhiti hamon salbiy qolayotganiga doir xulosalari Prezident Shavkat Mirziyoyev yetakchiligidagi islohotlar nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy, moliyaviy sohalarda ham oqsayotganidan darak bermoqda.
O’zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan iqtisodiyot, moliya, ijtimoiy sohalarda tubdan islohotlar o’tkazilishi e’lon qilingan edi.
Davlat departamentining yaqinda e’lon qilgan hisobotida esa O’zbekiston iqtisodiy siyosati, xususan, sarmoya muhiti iqtidordagi hokimiyat davrida ham jiddiy o’zgarishlarga uchramagani haqida xulosaga kelingan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, O’zbekiston iqtisodiyotida davlat monopoliyasi hamon kuchli. So’nggi yillarda davlat nazorati yangi, zamonaviy bosqichga chiqqan. Mamlakatda iqtisodiy raqobat yo’q, tadbirkorlar, ayniqsa, kichik biznes huquqlari kafolatlanmagan; mahalliy hokimiyatlar turli yo’llar bilan biznes ustidan nazoratni ushlab keladi. Sarmoya kiritish uchun imkoniyatlar cheklangan; asosiy sohalar hukumat, unga yaqin doiralar tomonidan egallangan.
Hukumat, jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan hozirgacha iqtisodiyotni erkinlashtirish, monopoliyani cheklash, davlat mulklarini xususiylashtirish, sarmoya muhitini tubdan yaxshilash kabi chora-tadbirlarga qaratilgan o’nlab hujjatlar imzolangan.
Ammo bulardan qat’i nazar, O’zbekiston iqtisodi erkinlashgani, monopollikka barham berilib, korrupsiya cheklangani haqida gapirish qiyin; aksincha, korrupsiya bilan bog’liq muammolar yanada chuqurlashgani ta’kidlanadi.
Tadbirkor Luqmon Subhonov 30 yil davomida kichik biznes bulan shug’ullanib keladi. Uning “Obi Mashhad” firmasi neft-gaz sohasidagi yirik kompaniyalarga xizmat ko’rsatib kelgan.
Ko’rsatgan xizmatlari uchun haq to’lanmasligi ortidan Subhonovning firmasi inqirozga yuz tutadi. Tadbirkor o’z huquqlarini himoya qilishni so’rab sud, prokuratura, Adliya va Moliya vazirliklariga murojaat qiladi, ammo natijasiz.
Luqmon Subhonov O’zbekiston pul tikish o’ta xavotirli bo’lgan mamlakat sifatida qolmoqda, degan fikrda.
“Xususiy biznes sohasida 30 yildan oshiq tajribaga egaman. Shu tuzimning ichida tadbirkor sifatida shakllandim, nima, qanday, kimga, hammasidan juda yaxshi xabardorman. Qo’polroq aytganda, orqangda ishonchli bir “tanka” bo’lmas ekan, biznesda ishing yurishishi juda qiyin. Buni o’z boshimdan o’tkazganman. Avval ham shunday edi, hozir ham bu qoida o’zgarmagan. Yirik kapitalni himoya qilish uchun kuchli tanishlar kerak. Bugunga kelib korrupsiya avvalgidan bir qadar chuqurlashdi ham deyish mumkin. Tepadan balandparvoz gaplar ko’p aytilyapti, ammo mamlakatdagi real hayot mutlaqo boshqa. Faoliyat turimga ko’ra, qishloqlardagi hayotni ham, shahardagi hayotni ham juda yaxshi bilaman, vaziyat og’irlashgan bo’lsa og’irlashdi, lekin yengillashgani yo’q. Biznes yuritish, tadbirkorlik bilan shug’ullanishda ham vaziyat shunday”, - deydi Luqmon Subhonov “Amerika Ovozi”ga.
O’zbekiston iqtisodiyot, moliya sohasida, xususan, valyuta ayirboshlashni erkinlashtirish bo’yicha qilgan ayrim islohotlar AQSh tomonidan ham, xalqaro moliyaviy tashkilotlar tomonidan ham e’tirof etilgan. Biznes yuritish erkinligi bo’yicha xalqaro reytinglarda O’zbekiston bir necha pog‘ona yuqoriga ko’tarilgan.
Ammo mamlakat hozirgacha yirik sarmoyadorlarni o’ziga jalb etishga muvaffaq bo’lmadi. Davlat departamenti buning sabablaridan birini mamlakatda iqtisodiy raqobat yo’qligida, iqtisodiyotning asosiy sohalari davlat monopoliyasida yoki hukumatga yaqin guruhlar nazoratida qolayotganida ko’radi.
Departamentning bu xulosalari Karimov davridagi iqtisodiy siyosatga berilgan bahoga bir qadar yaqin. Kuzatuvchilarga ko’ra, bu sobiq prezident davrida iqtisodiyotning asosiy sohalari ustidan o’rnatilgan davlat nazorati bugun ham kuchda qolayotganidan darak beradi.
Karimov o’limi ortidan hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyevning asosiy shiorlaridan biri iqtisodiy taraqqiyotga erishish, davlatning iqtisoddagi ishtirokini keskin cheklash, monopoliyaga barham berish, biznes, moliya, sarmoya sohasini tubdan isloh qilish sifatida belgilangan.
“Mirziyoyev davridagi asosiy o’zgarish bu odamlarga o’z fikrlarini aytish uchun biroz erkinlik berilgan bo’ldi, shunga muvofiq muammolar haqida ozmi-ko’pmi ochiq gapirilyapti. Jumladan, men ham aynan shu tufayli muammolarim haqida gapiryapman, ammo muammolar aytilgani bilan hal etilmasa, hokimiyatning, tegishli idoralarning munosabati avvalgidek qolayotgan bo’lsa, bundan nima foyda?” - deydi tadbirkor Luqmon Subhonov.
Davlat departamentining O’zbekistondagi sarmoya muhiti salbiy qolayotganiga doir xulosalaridan qat’i nazar, mamlakatda hokimiyat almashishi ortidan xorij sarmoyasi oqimi oshgani seziladi.
So’nggi paytda mamlakatda tiklanayotgan turli biznes markazlar, “city”lar ortida kelib chiqishi noma’lum bo’lgan xorij sarmoyasi turgani ta’kidlanadi.
Ekspertlar aksariyat hollarda kelib chiqishi o’zbeklar, O’zbekiston fuqarolariga bog’liq bu mablag’larning mamlakatga xorij sarmoyasi sifatida kirib kelayotganini hukumat roziligi bilan amalga oshayotgan, soyadagi mavhum jarayon sifatida baholashadi.
O’zbekistonliklar tomonidan O’zbekistonga qayta yotqizilayotgan bu mablag’larning rasmiy statistikada qanday aks etayotgani ham hozircha noma’lum.
Facebook Forum