Tog’li Qorabog’ mojarosida Turkiya dronlari Ozarbayjonga katta ko’mak bo’lmoqda. Suriyadan Liviyagacha qo’llanilayotgan bunday qurollar Anqaraning yangi qudratini dunyoga ko’z-ko’z qilish vositasiga aylanmoqda. Turkiyaning dron sanoatiga qarshi xalqaro norozilik ham yo’q emas.
Armanlar nazoratidagi Tog’li Qorabog’ni qaytarib olish uchun Ozarbayjon kuchlari olib borayotgan harbiy amaliyotlarda Turkiya ishlab chiqargan dronlar muhim rol o’ynamoqda.
Tahlilchilarga ko’ra, bu ziddiyat Turkiyaning uchuvchisiz dronlar sanoatida muhim o’yinchiga aylanganini ko’rsatadi.
“Bunday yuqori darajali dronlarni ishlab chiqarish, yaratish va integratsiya qilish bo’yicha Turkiya yaxshi tajriba va infratuzilmaga ega. Turkiyaning bu boradagi maqomi Xitoy va AQSh o’rtasida degan bo’lardim”, - deydi havo mudofaasi bo’yicha ekspert Arda Mevlutog’li.
Anqara Suriya va Iroqda dronlardan foydalanayotganini tasdiqlagan.
Turk dronlari Liviyadagi fuqarolar urushida Anqara himoyasidagi hukumat kuchlarining qo’li ustun kelishiga hissa qo’shgani aytiladi.
Dronlar hozir Anqara diplomatiyasining ajralmas qismi, deydi kuzatuvchilar.
“Harbiy dronlar, elektron urush tizimlari Turkiyaning bosim o’tkazishga asoslangan tashqi va xavfsizlik siyosati yuritishiga yordam beryapti. Bu ishda Turkiya texnologik ustunliklarga tayanmoqda”, - deydi tadqiqotchi Sinan Ulgen.
Ammo Tog’li Qorabog’dagi dron hujumlarida oddiy aholi vakillari ham qurbon bo’layotgani haqida da’volar yangramoqda.
Kanada dron ishlab chiqarishda ishlatiladigan muhim qismlarning Turkiyaga sotilishini to’xtatib qo’ydi.
“Dvigatellarni hanuz ishlab chiqara olmaymiz, chip zavodlarimiz ham yo’q. Bu dronlardagi yoki boshqa qurollardagi muhim qismlar G’arbdan yoki Xitoydan import qilinishi kerak”, - deydi tahlilchi Attila Yeshilada.
Turkiya yaqinda eng so’nggi rusumdagi yangi dronini namoyish qildi. Anqara shu yo’l bilan o’zining muhim harbiy qudratlardan biriga aylanganini ko’rsatishga urinmoqda, deydi kuzatuvchilar.
Facebook Forum