2013-yilda AQSh Milliy xavfsizlik boshqarmasidan maxfiy hujjatlarni o’g’irlab ommaga oshkor etgan Markaziy razvedka boshqarmasi xodimi Edvard Snouden va uning rafiqasi Rossiya fuqaroligini olish uchun ariza berishi haqida ma’lum qildi.
Snouden bunday chorani koronavirus pandemiyasi tufayli sayohat qilish qiyinlashgani va oilada farzand kutishayotgani bilan izohladi. AQSh razvedkasining maxfiy ommaviy kuzatuv dasturini fosh etib, mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan sobiq josusning o’z vatanida sudga tortilish ehtimoli ham bunga bir sabab bo’lishi mumkin.
“Kuzatuv dasturlariga ehtiyojni jamoatchilik belgilashi kerak, davlat xizmatchilari emas”, - deydi Snouden.
Sobiq josus 2013-yilda Rossiyada siyosiy boshpana olgan, biroq uning yashash joyi sir saqlanadi. Snouden AQSh hukumatining kuzatuv dasturlarini tanqid qilayotgan bir paytda ayrim kuzatuvchilar uning Rossiya hukumatining o’xshash siyosati haqida og’iz ochmasligiga e’tibor qaratadi.
“Bizda ham uyali telefon va smartfonlarni, internetni ommaviy ravishda nazorat qilishadi. Bizda ham internet senzura mavjud”, - deydi “Qizil internet” kitobi muallifi Andrey Soldatov.
Snoudenni ba’zilar qahramon deb biladi. Shu yil sentabrida AQSh federal sudyasi sobiq prezident Obama paytida joriy etilgan kuzatuv dasturini noqonuniy deb topgan bo’lsa-da, Vashington uni josuslik ayblovi bilan sud qilish niyatidan voz kechgani yo’q.
“Snouden inson huquqlari va demokratiya kurashchisidir”, - deydi Rossiya prezidenti.
Snouden bir kun kelib, oilasi bilan vataniga qaytishni orzu qiladi.
Facebook Forum