Breaking News

Vashington Xitoyga qarshi harakatni terrorchi guruhlar ro'yxatidan chiqardi


Shinjonda buzilgan masjid. Arxiv.
Shinjonda buzilgan masjid. Arxiv.

AQSh Afg’oniston hududidan turib Xitoy hukumatiga qarshi kurashayotgan Sharqiy Turkiston Islomiy harakatini (ShTIH) terrorchi guruhlar ro’yxatidan chiqardi.

Pekinga ko’ra, ushbu “separatistlar harakati” Shinjon avtonom hududida terrorizmning avj olishiga sababchi bo’lgan.

Turkiyadagi uyg'urlar Xitoy hukumatiga qarshi namoyishda. 1-oktabr, 2020.
Turkiyadagi uyg'urlar Xitoy hukumatiga qarshi namoyishda. 1-oktabr, 2020.

Biroq dunyo bo’ylab huquq faollari, boshqa mamlakatlardan panoh topgan uyg’ur yetakchilari va G’arb mamlakatlari Pekinning ozchilikni tashkil etuvchi musulmon aholiga qarshi qo’llayotgan zulmini keskin qoralamoqda. Bir milliondan ziyod uyg’urlarning “Islom radikalizmiga qarshi kurash” missiyasi doirasida lagerlarda ushlab turilishi tanqid va jiddiy xavotirlarga sabab bo’lmoqda.

“Men ushbu kundan Sharqiy Turkiston Islomiy harakatini terrorchi guruhlar ro’yxatidan chiqarilganini ma’lum qilaman”, - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo 20-oktabr kuni. Uning shu boradagi rasmiy bayonoti 5-noyabr kuni chop etildi.

Musulmon aholi qamalgan "qayta tarbiyalash lageri". Shinjon, 30-may, 2020.
Musulmon aholi qamalgan "qayta tarbiyalash lageri". Shinjon, 30-may, 2020.

Vashington ShTIH ni 2003-yilda shu ro’yxatga kiritgan edi.

ShTIH Pokiston hududida ham o’z bazalarini tashkil etgan edi. Biroq Xitoy va Pokiston hamkorlikda harakat qilib, ularni siqib chiqargan.

Urumchi shahrida masjidni nazorat qilayotgan Xitoy askarlari. Shinjon, 9-iyul, 2009.
Urumchi shahrida masjidni nazorat qilayotgan Xitoy askarlari. Shinjon, 9-iyul, 2009.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Van Venbin AQSh qarorini “terrorchi guruhlarni oqlash” deya baholadi.

“ShTIH BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan terrorchi guruh sifatida e’lon qilingan. Xalqaro hamjamiyat ham harakatni terrorchi deb biladi. AQSh o’z xatosini zudlik bilan tuzatib, terrorchilarni oqlashni bas qilishi lozim. Shuningdek, Vashington terrorizmga qarshi hamkorlikda kurash bo’yicha xalqaro kursni o’zgartirmasligi kerak”, - dedi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG