Qatarda yopiq eshiklar ortida muzokara qilayotgan Afg’oniston hukumati va Tolibon vakillari uch oylik muloqotdan so’ng asosiy muzokaralar shartlariga kelishishga muvaffaq bo’ldi.
19 yillik urushdan so’ng bu ikki taraf imzolagan ilk qo’shma hujjatdir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti va muloqotga turtki bergan AQSh kelishuvni olqishladi.
AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzodning aytishicha, hujjat uch sahifadan iborat bo’lib, unda siyosiy kelishuv va sulh bo’yicha asosiy muzokaralar qoidalari va tartibi belgilangan. Muloqot boshida Tolibon sulhga rozi bo’lmayotgan edi.
Keyingi bosqich – asosiy muzokaralar kun tartibi bo’yicha kelishish.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg yangilikni olqishlarkan, uni tinchlik yo’lidagi birinchi muhim qadam deb atadi.
NATOning Afg’onistonda salkam 11 ming qo’shini bor. AQSh va Tolibon fevral oyida imzolagan bitimga ko’ra, kelasi yil 1-mayigacha barcha xorijiy askarlar Afg’onistonni tark etishi kerak.
Tramp ma’muriyati yanvar oyigacha AQSh qo’shinlarining bir qismini mamlakatdan chiqarmoqchi.
Facebook Forum