Breaking News

Bayden Trampning immigratsiyaga doir qarorlarini o'zgartirishi kutilmoqda


AQShda prezidentlikka saylangan Jo Bayden Prezident Donald Trampning ko’plab qarorlari va, xususan, immigratsiyaga doir siyosatini o’zgartirishi kutilmoqda.

Xalqaro hayot – 18-dekabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:39 0:00

“Prezident Trampning farmonlar orqali qabul qilingan bir tomonlama qarorlarini Bayden o’z farmonlari bilan bir tomonlama bekor qilishi mumkin. Masalan, ayrim musulmon mamlakatlar fuqarolarining AQShga kirishini taqiqlovchi farmonni. Yoki yangi qochqinlar soniga qo’yilgan cheklovni”, - deydi Merilend shtatidagi yuridik kompaniyaning immigratsiya masalalari bilan shug’ullanuvchi huquqshunosi Morin Svini.

Prezident Tramp bolaligida noqonuniy yo’l bilan keltirilgan muhojirlar deportatsiyasini kechiktiruvchi, sobiq prezident Barak Obama paytida qabul qilingan DAKA dasturini ham to’rt yillik prezidentligi davomida yopmoqchi bo’lib, inson huquqlari faollari noroziligiga uchradi.

Tramp nazarida, dastur mamlakatga noqonuniy kirganlarni avf etishga qaratilgan, biroq agar Kongress ularni qonuniylashtirishga rozi bo’lsa, Tramp e’tiroz bildirmasligini aytgan.

Ammo Kongress tegishli qonun qabul qilmadi va minglab odamlar taqdiri sudlar hukmiga havola etildi. Sudning eng so’nggi qaroriga ko’ra, immigratsiya idoralari dasturga to’liq amal qilishi kerak. Ammo DAKA tanqidchilari sudga yangi da’volar yo’llashini bildirmoqda.

Immigratsion qonunlarni o’zgartirishga vaqt ketadi.

“Tramp ma’muriyatining siyosiy boshpana olishga da’vogarlarga doir siyosatini tuzatish oson bo’lmaydi”, - deydi Morin Svini.

Meksika bilan chegara nazoratini kuchaytirish hamda noqonuniy immigratsiya oqimini to’xtatish siyosati doirasida Tramp "migrantlar himoyasi protokoli" degan qoidani joriy etdi. Unga ko’ra, siyosiy boshpanaga ariza berganlar AQSh immigratsiya sudiga chaqirtirilgunga qadar Meksikaning chegara shaharlarida kutishga majbur bo’ladi. Ekspertlarga ko’ra, mana shu qoidani o’zgartirish va siyosiy boshpanaga hujjat topshirganlar uchun himoya sistemasini tiklash o’ta qiyin bo’ladi.

Bayden qochqinlar dasturiga qo’yilgan cheklovni susaytirishga, da’vogarlar sonini 125 mingga oshirishga va’da berdi.

“Ko’p joylarda qochqinlar repatriatsiyasiga javob beruvchi idoralar yo’q qilindi. U yerda ishlagan odamlar hozir boshqa masalalar bilan shug’ullanmoqda. Qochqinlar soni kamayib ketgani bois ular bilan ishlagan ko’p odamlar ishdan ketdi. Bu idoralar ishini tiklash, salohiyatini oshirish kerak”, - deydi Jorj Meyson universitetidan Mishel Vaslin.

Tahlilchilarga ko’ra, Bayden prezidentligining ilk oylarida, asosan, koronavirusga qarshi kurash va iqtisodiyotni tiklash bilan shug’ullanadi, immigratsiyaga katta e’tibor bermasligi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG