Xitoy Pekin shahri yaqinidagi hududlarda koronavirusga qarshi yangi cheklov qoidalarini joriy qildi. Besh millionga yaqin odamning harakati cheklangan. Pandemiyaga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borgan Xitoyda yana virus yoyilishi xavfi bor.
Aniqlangan yangi kasallar soni 50 dan ortiq. Bu o’tgan yili pandemiya boshidagi raqamlardan ancha kam bo’lsa-da, rasmiylar virusning yanada ko’payib ketishiga yo’l qo’ymoqchi emas.
So’nggi kunlarda aniqlangan bemorlar soni oxirgi besh oyda kuzatilgan eng katta o’sish ekani aytilmoqda.
Yangi holatlarning aksariyati Pekin yaqinidagi Xebey viloyatida aniqlangan.
Eng ko’p kasallar viloyat markazi Shitzyajuan shahridan. 11 million aholiga ega shahar karantinga olingan. Odamlar va transport harakati to’xtatilgan.
Xitoyning boshqa viloyatlarida ham koronavirusga chalinganlar soni ortayotgani haqida xabarlar bor.
Koronavirusning kelib chiqishini o’rganayotgan Jahon Sog’liqni saqlash tashkiloti ekspertlari 14-yanvar kuni Xitoyning Uxan shahriga kelishi kutilyapti. Virus ilk bor shu shaharda 2019-yil oxirida aniqlangan edi.
Facebook Forum