AQShda yangi prezident sifatida qasamyod keltirishi kutilayotgan Jo Bayden Oq uydagi ilk 100 kunida qator soha va yo’nalishlar bo’yicha katta ishlarni amalga oshirishni rejalamoqda. Xususan, u mamlakat iqtisodiyotini qaqshatgan va 400 mingdan oshiq amerikalikni hayotdan olib ketgan pandemiyadan ko’rilgan zararni yumshatish uchun 1,9 trillion dollarlik yordam paketini taklif etmoqda.
Bayden demokratlarning Vakillar palatasi va Senatidagi kichik ustunligidan foydalangan holda iqlim o’zgarishiga qarshi kurash, ovoz berish huquqlarini himoyalash, immigratsiya tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni jonlantirishga qaratilgan taklifi qabul qilinishiga umid qilmoqda.
Har bir yangi prezidentning ilk 100 kuni muhim bo’lib, bu davr mobaynida rejalangan loyiha va tashabbuslarning amalga oshirilishiga qarab yangi rahbar faoliyatiga baho beriladi.
“Hali hech bir yangi saylangan prezident eng boshidan 2 trillion dollarlik yordam paketini targ’ib qilmagan”, - deydi Vashingtondagi Prezidentlik va Kongress markazida katta vitse-prezident Den Maxaffi.
Barak Obama qasamyod marosimidan bir necha hafta o’tgach 787 milliard dollarlik iqtisodiy yordam paketini imzolagan edi. Bayden o’shanda vitse-prezident bo’lgan.
Baydenga ko’ra, salkam bir yildan beri davom etayotgan pandemiya xalqni yordamga muhtoj qilib qo’ydi.
“Taxminan 18 million amerikalik ishsizlik sug’urtasi hisobiga kun kechirmoqda, salkam 400 ming kichik biznes faoliyatini tugatishga majbur bo’ldi. Bir necha avlodda bir marta sodir bo’ladigan iqtisodiy inqiroz hamda bir necha avlodda bir marta sodir bo’ladigan sog’liqni saqlash inqiroziga yuz tutyapmiz. Insonning chuqur azob-uqubatlari inqirozi ko’zga tashlanmoqda, kutishga vaqt yo’q. Zudlik bilan chora ko’rishimiz kerak”, - dedi Bayden.
AQSh Senatiga Florida shtatidan saylangan respublikachi qonunchi Marko Rubio uning partiyadoshlari Bayden taklif etayotgan qonun loyihasiga qarshilik bildirishini aytdi.
“Bayden Senatda 35 yildan ortiq vaqt xizmat qilgan. Bunday rejalar tez tasdiqlanmasligini bilishi kerak”, - dedi u.
Rubio yordam pulini avval quyi va o’rta hol amerikaliklarga berishni taklif etmoqda.
Yordam pulining salkam 1 trillion dollari qiynalayotgan oilalar va shaxslarga berilishi kutilmoqda. O’tgan oy Prezident Donald Tramp imzolagan yordam paketidagi 600 dollarga qo’shimcha ravishda millionlab odamga bir martalik 1400 dollar berish hamda ishsizlik bo’yicha nafaqa muddatini uzaytirish rejalangan. Bayden, shuningdek, eng kam federal maoshni soatiga 15 dollarga ko’tarmoqchi, ijara haqini to’lolmayotgan odamlarning uydan haydalishiga to’siq qo’yib, muhtojlar uchun oziq-ovqat yordamini oshirmoqchi.
Bayden rejasida kichik bizneslar hamda pandemiya oqibatida soliqlardan yetarlicha daromad ko’rmagan shtat, mahalliy va qabilaviy hukumatlarga 440 milliard dollarni taqsimlash ko’zda tutilgan. 1,9 trillion dollarning qolgan 400 milliard dollari milliy emlash dasturini amalga oshirishga, virusga diagnostika testlarini kengaytirishga, maktablar va tibbiy xodimlarni qo’llab-quvvatlashga sarflanadi.
Bayden taklif etayotgan reja ma’muriyatining ilk 100 kunida ustuvor vazifa bo’ladi, biroq yangi rahbar boshqa yo’nalishlarda ham siyosatini amalga oshirishni ko’zlamoqda.
Tashqi siyosat — 36 yillik qonunchilik faoliyatining katta qismini AQSh Senatining Tashqi aloqalar qo’mitasida o’tkazgan Bayden Trampning “Amerika Birinchi” siyosati oqibatida ittifoqchi va boshqa davlatlar bilan darz ketgan aloqalarni tiklashga so’z bergan. Bayden, shuningdek, korrupsiya va jangovar millatchilikka qarshi kurashga qaratilgan xalqaro sammit tashkil etmoqchi.
Ovoz berish huquqlari — Demokratlar shtatlar va mahalliy hukumatlarning ovoz berish huquqiga to’siq qo’yish yoki cheklash salohiyatini tushirish maqsadida ko’pdan beri “Ovoz berish huquqi haqida”gi qonunni kengaytirishga intilib keladi. Bayden ushbu islohotlarni targ’ib qilishini bildirgan.
Jinoyat adliya tizimi islohoti — Politsiya tomonidan qurolsiz afro-amerikaliklarning o’ldirilishiga qarshi jamoatchilik noroziligini inobatga olgan holda Bayden politsiya faoliyatini nazorat etuvchi milliy komissiya tuzishga hamda huquq-tartibot idoralari vakillari va jamoalar o’rtasidagi ziddiyatlarni yumshatish maqsadida mahallalarda politsiya ishini yaxshilashga qaratilgan strategiyani amalga oshirish uchun qo’shimcha pul ajratishga va’da bergan. U, shuningdek, jazo muddatini isloh etishni hamda ozod etilgan mahbuslarni jinoyat yo’lidan qaytarishga qaratilgan dasturlarni ham qo’llab-quvvatlaydi.
Atrof-muhit — Bayden AQShni iqlim o’zgarishiga qarshi kurashga qaratilgan Parij bitimiga qaytarishga, Amerikani bu borada dunyoda yetakchi mamlakatga aylantirishga ham ishora qilgan.
Buning uchun yoqilg’i manbalarini qazib olish va iste’mol qilishga doir Tramp prezidentligi paytida yumshatilgan qoidalarni bekor qilishga, avtomobillar va yuk mashinalarida yoqilg’i samaradorligini oshirishga to’g’ri keladi.
Soliqlar — Tramp ma’muriyati davrida korporatsiyalarning 35 foizlik daromad solig’i 21 foizga tushirilgan edi. Bayden buni bekor qilib, badavlat amerikaliklarga soliqlarni oshirmoqchi, yiliga 400 ming dollardan kam daromad ko’ruvchi odamlarga soliqni oshirmaslikka so’z bergan.
Immigratsiya — Bayden 11 milliondan oshiq hujjatsiz muhojirga AQSh fuqaroligini olishni yengillashtirishga qaratilgan immigratsiya tizimi islohotiga qo’l urmoqchi. Amerikaga bolaligida noqonuniy olib kelingan odamlar uchun doimiy himoya mexanizmi joriy etilishi, Tramp ma’muriyati siyosati natijasida chegarada ajratilgan oilalarning qovushtirilishi ham kutilmoqda.
Infratuzilma va yashil texnologiya — Bayden mamlakatning parchalanib borayotgan infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan uzoq yillik say’-harakatlarga turtki bermoqchi. Xususan, yo’llar, ko’priklar, tranzit tizimini yaxshilash uchun 2 trillion dollar, elektrik avtomobillar, barqaror qishloq xo’jaligi va yangilanuvchi energiyani rivojlantirishga ham sarmoya ajratishga so’z bergan.
Facebook Forum