Breaking News

BMT hisoboti: Shimoliy Koreya yadro va raketa dasturlarini kiber-o'g'rilik hisobiga moliyalamoqda


Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotida aytilishicha, Shimoliy Koreya yadroviy va ballistik raketa dasturlarini moliyalash va salohiyatini oshirish maqsadida kiber-hujumlar orqali yuzlab million dollar o’g’irlagan.

Xalqaro hayot – 10-fevral, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:36 0:00

Hisobotda so’nggi harbiy paradlarda Shimoliy Koreyaning yangi ballistik raketalari namoyish etilgani tilga olinadi. Bunday raketalar ancha og’ir bo’lib, yadroviy kallakchalarni AQShgacha eltish salohiyatiga ega bo’lishi mumkin.

Yanvar oyida Pxenyan “dunyodagi eng qudratli qurol” – suvosti kemasidan uchiriladigan ballistik raketa yaratayotgani haqida maqtangan edi.

BMT hisobotida aytilishicha, Shimoliy Koreya harbiy xarajatlarni qoplash uchun kiber-hujumlar va onlayn firibgarlik orqali 300 million dollar o’g’irlagan.

“Yadro dasturi Shimoliy Koreya va, xususan, Kimlar sulolasi uchun omon qolishning yagona strategiyasidir. COVID-19 sabab Shimoliy Koreya iqtisodiyoti yanada yomonlashgan. AQShda Bayden prezidentlikka kelishi ketidan endi Pxenyan Amerika bilan oldingiday muhokama yoki muzokara qila olmaydi”, - deydi Angliyaning Markaziy Lankashir universitetida Koreya bo’yicha mutaxassis Sojin Lim.

Hisobotni BMT Xavfsizlik Kengashining Shimoliy Koreya bo’yicha sanksiyalar qo’mitasi uchun mustaqil ekspertlar tayyorlab bergan. Pxenyan ko’plab bir tomonlama va ko’p tomonlama sanksiyalarga yuz tutgan. Biroq bunday jazo choralari ish bermadi, deydi Lim.

“Turli moliyaviy cheklovlarga qaramay, Shimoliy Koreya pul jamg’arishning yangi yo’llarini topishga muvaffaq bo’lmoqda. Kiber-xurujlar orqali buncha ko’p pul o’g’irlash mumkinligini ko’rib, sanksiyalardan foyda yo’qligiga yana bir bor amin bo’lyapman. Demak, Shimoliy Koreya muammosini hal etishda yangicha yondashuv qo’llash kerak”, - deydi tahlilchi.

So’nggi 10 yilda Shimoliy Koreyada o’tkazilgan ko’plab raketa va yadro sinovlarining hajmi kuchaya bordi.

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan 2018 va 2019-yillarda uch marotaba uchrashib, uni yadro qurollarini yaratish g’oyasidan voz kechishga ko’ndira olmadi.

Jo Bayden boshchiligidagi yangi ma’muriyat masalaga boshqacha yondashmoqda.

“Yangi siyosatni ko’rib chiqyapmiz. Ittifoqchilarimiz, xususan, Yaponiya va Janubiy Koreya bilan bu haqda yaqindan maslahatlashamiz”, - deydi AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sullivan.

Ayrim kuzatuvchilar Koreya yarim orolini yadrodan xoli hududga aylantirish masalasida AQSh katta muvaffaqiyatga erishishiga ishonmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG