Fransiya parlamentining quyi palatasi masjidlar va diniy ta’lim ustidan hukumat nazoratini kuchaytiruvchi qonunni qabul qildi. Ushbu qonundan maqsad mamlakatda diniy radikalizm va ekstremizmni yo’q qilish ekani aytilmoqda.
O’tgan yili oktabrda payg’ambarni tahqirlagan tarix fani o’qituvchisi qatl qilingandan beri Fransiyada diniy ekstremizmni jilovlash bo’yicha bahslar kuchaygan edi.
Prezident Emmanuel Makronning aytishicha, bu choralar gender tengligi va sekulyarizm kabi fransuz qadriyatlarini ba’zi jamiyatlar solayotgan tahdiddan himoya qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Ammo Fransiya musulmonlariga ko’ra, qonun diniy erkinlikni cheklaydi va musulmonlarni alohida nishonga olayotgani bois diniy kamsitish hisoblanadi. Fransiyada zo’ravonlikka qarshi allaqachon yetarli darajada qonunlar bor, deydi ular.
“Fransiyada musulmonlar muammo yaratadigan yoki Fransiyaga qarshi inqilob qiladigan odamlar emas”, - deydi Bahri Ayari ismli musulmon.
Abdulloh ismli yana bir parijlikning aytishicha, bu qonun jamiyat uchun xatarli va “islom uchun ko’plab muammolarni yaratadi”.
“U barcha fransuzlar uchun, musulmonlar, nasroniy va yahudiylar uchun ham zararli”, - deydi u.
Tanqidchilarning aytishicha, kelasi yilgi prezidentlik saylovi oldidan Emmanuel Makron bu qonun yordamida o’ng qanot va konservativ saylovchilarning ko’nglini ovlashga urinmoqda.
Qonun endi konservativ siyosiy guruhlar ustun Senatda ham qabul qilinishi kutilyapti.
Facebook Forum