Breaking News

Markaziy Osiyoda sulolalar hukmronligi o'rnatilishi mumkinmi?


Markaziy Osiyoda sulolalar boshqaruvi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:12 0:00

Markaziy Osiyo mamlakatlari monarxiyaga, xonliklar davridagi siyosiy boshqaruvga qaytishi mumkinmi? Ba'zi ekspertlar fikricha, mintaqaning ayrim davlatlaridagi so’nggi vaziyat aynan shunday ehtimollikka ishora bermoqda. Aholisi 75 milliondan oshgan Markaziy Osiyo taraqqiyotiga qo’yilgan to’siqlardan biri bu, shubhasiz, siyosiy klanlar, sulolalar, hokimiyatdagi qarindosh-urug’chilik ekani aytiladi.

Hududning ayrim davlatlarida allaqachon xonliklar davridagi kabi siyosiy sulolalar shakllangan. Mintaqada sulolalar hukmronligi qonuniylashtirilishi ehtimoli ham yo'q emas.

Tojikistonda peshvoyi millat sifatida madh etiladigan Imomali Rahmon oilasi hukmron. Turkmanistonda marhum turkmanboshi Saparmurod Niyozov xotirasi nurab, yangi rahnamo arqadag’ Qurbonguli Berdimuhammedov sulolasiga asos solinmoqda.

Mintaqaning bu ikki davlatida hokimiyat sulolaga meros qoldirilishi shubha uyg’otayotgani yo’q. Berdimuhammedov yaqinda o’g’li Sardorni rasman o’ziga o’rinbosar, ya’ni bosh vazir o’rinbosarligiga tayinladi. Avvalroq Imomali Rahmon Dushanbe shahri hokimi bo’lgan o’g’li Rustamni mamlakat parlamenti raisligiga tayinlangan edi.

Bu lavozimlar ortidan Rahmon va Berdimuhammedovning o’g’illari o’z mamlakatlarida prezidentdan keyingi ikkinchi qudratga aylandi. Xullas, sulola yetakchilari taxtda, avlodlar o’rinbosarlikda, vorislikka shay turishibdi. Sulolalar hukmronligini qonuniylashtirish uchun monarxiya e’loni yetishmay turgandek.

Turkmaniston va Tojikistondagi rejimlar soyasida Qozog’iston va O’zbekistondagi vaziyat bir qadar liberal ko’rinadi.

Ammo Nazarboyev prezidentlikdan ketishi ortidan ham Qozog’iston hamon uning o’zi, oilasi tomonidan boshqarilayotgani aytiladi. Elboshining qizi Dariga Nazarboyevaning siyosatga qaytishi, otasi yetakchiligidagi partiya nomidan yana parlamentga saylanishi esa hokimiyat, prezidentlik Nazarboyevlar sulolasiga o’tishiga doir gap so’zlarni yana ko’paytirdi. Qozog’istonlik ekspertlar Nazarboyev sulolasi mamlakatni boshqarishda davom etishiga shubha qilishmaydi.

“Yaqin qardoshimiz Ozarbayjon ham bundan xoli emas, otasidan hokimiyatni voris qilib olgan Ilhom Aliyev o’z xotinini vitse-prezidentlikka tayinladi. Bu an’ana Qozog’iston misolida ham rivojlangan. Nazarboyevning qizi Dariga Nazarboyeva avval Senat raisi edi, hozir yana parlamentga saylandi. Nazarboyevning nevarasi Nur-Sulton shahri hokimiga o’rinbosar; kuyovi, jiyanlari hukumatda muhim lavozimlarda. Diktatorlar buni hokimiyatni qarindoshlari yordamida ushlab turish uchun qilishadi, chunki ular tuzumga ishonishmaydi. To’ntarishlar, g’alayonlar, isyonlardan qo’rqishadi. Boshqa tomondan qarindoshini hukumatga olib kelish hokimiyatdan keyingi kafolatdir; diktatorning boyligi, oilasi xavfsizligining kafolati. To’g’ri, Nazarboyev prezidentlikni o’z oilasidan bo’lmagan kishiga topshirdi, ammo hokimiyatni emas. Boshqaruv hamon uning qo’lida, u buni Xavfsizlik kengashi rahbari, hukumatdagi partiya yetakchisi, qolaversa, Elboshi maqomiga doir qonunchilikka kiritilgan o’zgarishlarga muvofiq qilishi mumkin. Nazarboyev, uning oilasi hokimiyatda, mamlakatni boshqarmoqda”, - deydi qozog’istonlik ekspert Ermek Narimbay.

O’zbekistonda mustaqillik asoschisi sifatida taqdim etilgan Islom Karimovning kutilmagan o’limi Karimovlar sulolasi shakllanishini imkonsiz qildi. Ayni paytda qamoq jazosini o’tayotgan Gulnora Karimova siyosiy vorislar ro’yxatida eng asosiy nomzod edi. Ammo O’zbekistondagi mavjud tizim, siyosiy elita sulola ehtimolini qabul qilmadi, vorisning siyosiy ambitsiyalari yo’qqa chiqarildi. Gulnora malikalikdan tutqundagi asiraga aylandi.

Ikkinchi muddat boshqaruviga hozirlanayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosiy sulola shakllantirish qarorida emasdek. Ammo mamlakatda prezident oilasi qudrati kengaymoqda. Mirziyoyevning qizlari, kuyovlari ham hukumatda; xavfsizlik sohasi, mamlakatdagi biznes imkoniyatlar prezident oilasi nazoratiga o’tayotganiga doir ma’lumotlar mavjud. Mirziyoyevning qizlaridan biri Saida faoliyati tobora Gulnora Karimovani eslatayotgani haqida taqqoslar bor.

Xullas, Markaziy Osiyodagi demokratik orol Qirg’izistonni istisno qilganda, hokimiyatlar mintaqa taraqqiyotiga to’siq bolib turgan sulolalar, qarindosh-urug’chilik rishtalari bilan o’ralgan. Bu an’anaga barham berishi mumkin bo'lgan haqiqiy demokaratik saylovlar esa mintaqa xalqi uchun hamon orzuligicha qolyapti.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG