Bayden ma’muriyati Aleksey Navalniyning zaharlanishi uchun javobgar deb hisoblangan bir qator Rossiya rasmiylariga sanksiyalar e’lon qildi. AQSh hukumati, shuningdek, muxolifat yetakchisining ozod qilinishini talab qilmoqda.
Aleksey Navalniy ayni paytda Moskva shahridan 100 km. sharqda joylashgan koloniyada saqlanmoqda.
Razvedka ma’lumotlariga asoslanib, Bayden ma’muriyati e’lon qilgan xabarga ko’ra, muxolifat vakilining zaharlanishi ortida Kreml turibdi. Shu munosabat bilan Vashington 14 rossiyalikka nisbatan jazo choralari qo’llanilishini ma’lum qildi. Ulardan yetti nafari Rossiya hukumatining yetakchi a’zolari.
“Kimyoviy va biologik qurollar nazorati va urushni yo’q qilishga oid qonun asosida kimyoviy yoki biologik mahsulot tayyorlashda ishlatiladigan moddalar eksportiga cheklov qo’yiladi; viza berish ham cheklanadi”, - dedi Oq uy so’zlovchisi Jen Psaki.
Aleksey Navalniyning hisbga olinishi o’tgan oy Rossiya bo’ylab namoyishlar o’tkazilishiga sabab bo’ldi. Muxolifatchining qamalishi ortida siyosiy sabablar borligi aytiladi.
AQSh sanksiyalari Yevropa Ittifoqi va Britaniya bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Ammo Prezident Vladimir Putin va unga yaqin oligarxlar nishonga olinmagan.
“Rossiya ulkan mamlakat. Dunyoning turli qismlariga ta’sir o’tkazishning har xil yo’llariga ega. Tushinishimcha, Bayden qilishi mumkin bo’lgan yagona chora ogohlantirish jo’natish. Lekin buning amaliy ta’siri bo’lmaydi”, - deydi Chikago universiteti professori Konstantin Sonin.
Oq uy sanksiyalarning faqat ramziy ma’noga ega ekanini inkor qiladi. Ayni paytda, Psakining aytishicha, ko’plab masalalarda, xususan, Eron yadro muloqoti bo’yicha Vashington Moskva bilan aloqalarni saqlashi muhim.
“Rossiya “5+1” formati bo’yicha hamkor. Obama ma’muriyati davrida Eron yadro dasturi bo’yicha olib borilgan muzokaralarda ham qatnashgan. Agar diplomatik jarayon davom etsa, u, albatta, muhim hamkor bo’lishda davom etadi. Biz kelisha olmaydigan masalalar bor. Rossiya bilan birga ishlashimiz kerak bo’lgan sohalar ham bor. AQSh manfaatlariga mos qadamlarni olishda boshqa global hamkorlar bilan shunday ishlaymiz”, - dedi Jen Psaki.
O’tgan oy Bayden, avvalgi prezidentdan farqli o’laroq, Rossiyaning agressiv harakatlariga, xususan, saylovlarga aralashish, kiberxuruj va o’z fuqarolarini zaharlash ishlariga ortiq toqat qilmasligini aytgan edi. Lekin, deydi tahlilchilar, Bayden Rossiya bilan muloqot eshigini ham ochiq qoldirishi kerak.
“Qurol nazorati, Arktika mintaqasida atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan iqtisodiy siyosat yuritish, iqlim o’zgarishi hamda har ikki mamlakat o’z askarlariga ega hududlar, xususan, Suriya mavzularida birga ishlash lozim. Demak, bir qator masalalarda Rossiya bilan hamkorlik zarur. Menimcha, Bayden ma’muriyati ham hamkorlik, ham xalqaro xulq-atvorning chegaralarini belgilab beruvchi aniq chichiqlar o’rnatish siyosatini olib boradi”, - deydi ekspert Sayrus Nyulin.
Bu orada Moskva AQSh sanksiyalariga munosib javob qaytarilishini aytmoqda.
Facebook Forum