Odil Abdulg'ofur Qashg'ar shahridan. Sharqiy Turkistonning musulmon uyg'ur millatidanman, deydi u.
Odilning kommunist bo'lishni istamagan ziyoli onasini Xitoy "Xalq dushmani" deb e'lon qilgan. O'zini uch bora hibsga olgan.
Uning Xitoy zulmidan qochib Turkiyadan panoh topganiga doir achchiq qismatini "Amerika Ovozi" komiks janrida hikoya qiladi.
Xitoyda bir asrdan ziyod diniy ta'qib ostida yashayotgan uyg'urlar uchun Turkiya uzoq yillar panoh maskani bo'lgan. Ko'plab mamlakatlardagi uyg'ur qochqinlar deport qilinishi mumkin. Anqara-Pekin munosabatlari mustahkamlanib borar ekan, Turkiyadagi uyg'urlarning xavotiri ortgan. Ular takroran Xitoy zulmiga uchrashdan qo'rqib kun kechirmoqda.
22-mart kuni Kanada va Britaniya tashqi ishlar vazirlari hamda AQSh davlat kotibi Xitoyning uyg'urlar va ozchilikni tashkil etuvchi boshqa musulmonlarga qarshi zulmini qoralab qo'shma bayonot bilan chiqdi.
Diplomatlar lagerlarda ushlab turilgan 1 milliondan ziyod mahkumlarni ozod etish, ommaviy repressiyani to'xtatish, majburiy mehnatga tortish hollarini bas qilish, diniy erkinlik, so'z erkinligi uchun imkon yaratish, Shinjondagi adolatsizliklar uchun mas'ul shaxslarni javobgarlikka tortish, BMT va mustaqil tergovchilar, xalqaro OAV va xorij diplomatlarining Shinjonga kirishi uchun to'siqlarni olib tashlashni talab qilgan.
"Biz Xitoyda inson huquqlarining toptalishiga dunyo e'tiborini qaratish maqsadida birgalikda harakat qilishni davom ettiramiz. Shinjonda zulm ostida qolayotganlar uchun adolatni talab qilishda biz yakdilmiz", deyiladi hujjatda.
22-mart sanasida Yevropa Ittifoqi ham inson huquqlarini toptayotgan Xitoy, Myanma va Rossiyaning ayrim rasmiylari va kompaniyalariga qarshi sanksiyalarni tasdiqlagan edi.
Bryusselda 27 a'zo mamlakat tashqi ishlar vazirlari ishtirokida o'tgan uchrashuv global masshtabda inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
Ittifoq avvalroq Shimoliy Koreya, Eritreya, Janubiy Sudan va Liviyaga qarshi shunday sanksiyalarni joriy qilgan edi.
Facebook Forum